ASOSIY EKIN SIFATIDA EKILGAN SOYA NAVLARINING O‘SISHI VA RIVOJLANISHIGA EKISH USULI VA ME’YORINING BOG‘LIQLIGI
Abstract
Soyaning don hosildorligi eng avvalo o‘simlikning jadal o‘sib rivojlanishiga bog‘liq bo‘ladi. Shu tufayli barcha ilmiy tadqiqot ishlarida o‘simlikning o‘sishi va rivojlanish jarayonini o‘rganishga katta e’tibor beriladi. Soyaning rivojlanishi ma’lum darajada o‘simlikda kechadigan fiziologik jarayonlarga bog‘liq. Soyaning o‘sish va rivojlanish jarayonlari turli yillarda xorijda P.P. Vavilov, G. Posыpanov [4], Vollman J., Christina N Fritz, Wagentristl H. and Ruckenbauer P. [12], Baum D.A., Smith S.D. and Donovan S.S. [11] singari olimlarning, O‘zbekistonda X.N. Atabaeva [1, 2, 3], D. Yormatova [5], R. Siddiqov, M. Mannapova [8], I.A. Israilov [2, 3] singari olimlarning ilmiy ishlarida o‘rganildi. Biroq, bu tajribalar turli davrlarda, har xil tuproq iqlim sharoitlarida olib borilgan bo‘lib, xulosa va tavsiyalar bir-biriga mos kelmaydi. Shu tufayli Toshkent viloyatining tipik bo‘z tuproqlari sharoitida agrotexnik tadbirlarni asosiy ekilgan soya navlarining rivojlanish jarayoniga ta’sirini o‘rganish bugungi kunda katta ilmiy va amaliy ahamiyatga ega. O‘simlikning rivojlanishi uning biologiyasiga, nav xususiyatiga bog‘liq bo‘ladi. Ammo amal davridagi sharoit, texnologik tadbirlarni talabiga rioya qilishi, o‘tkazilgan muddat va me’yorlariga bog‘liqdir. Ekish usullari va me’yorlari soya navlarining o‘sishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatib, keng qatorlab ekilganda poya balandligi Uzbekskaya-6 navida 89-101 sm ni, yoppasiga qatorlab ekilganda 103-106 sm ni tashkil qildi. O‘rtapishar Uzbekskaya-2 navida tegishlicha 88-98 va 100-103 sm, Orzu navida tegishlicha 76-82 va 79-83 sm ni tashkil qildi. Soya navlarida amal davrini uzayishi kuzatilib, kechpishar navda 4 kunga, o‘rtapishar navda 2-4 kunga, ertapishar navda esa 4-8 kunga uzayganligi aniqlandi.
Keywords: dukkakli ekinlar, soya, don, dukkak, nav, variant, almashlab ekish, hosildorlik, ekish usuli, ekish me’yori, ekish muddati, poya balandligi, amal davri, tuproq unumdorligi, don sifati