UO‘K: 631.425+631.879.42

SHOʻRLANGAN YERLARDA ORGANO-MINERAL KOMPOSTLARNING TUPROQ SUV OʻTKAZUVCHANLIGIGA TA’SIRI

Zinatdinov Kamalatdiyin Mnajatdin uli iD

Qoraqalpogʻiston qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar instituti assistenti, qishloq xoʻjaligi fanlari falsafa doktori (PhD), Toshkent, Oʻzbekiston

e-mail: [email protected]

Uzakova Altinay Jenʻisbay qizi iD

Qoraqalpogʻiston qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar instituti 2-kurs magistranti, Toshkent, Oʻzbekiston

e-mail: [email protected]

Annotatsiya. Shoʻrlangan tuproqlarda suv oʻtkazuvchanlik jarayoni ekinlarning rivojlanishi va hosildorligiga bevosita ta’sir etuvchi muhim omillardan biridir. Maqolada shoʻrlangan yerlarda turli tarkibdagi organo-mineral kompostlarning tuproq suv rejimiga ta’siri sharhlangan. Kompost tarkibidagi organik moddalar, glaukonit agrorudasi va shirinmiya chiqindilarining uygʻunlashuvi tuproq strukturasini yaxshilab, gʻovaklikni oshirishga xizmat qildi. Natijada suvning infiltratsiya tezligi ortib, shoʻrning yuvilishi hamda tuproqning meliorativ holati yaxshilanganligi aytib oʻtilgan. Bundan tashqari, organo-mineral kompostlar shoʻrlangan yerlarda tuproq suv oʻtkazuvchanligini yaxshilash, suvdan samarali foydalanish hamda ekinlar uchun qulay agroekologik sharoit yaratishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Kalit so‛zlar. Tuproq, organo-mineral kompost, go‛ng, mineral o‛gitlar, suv o‛tkazuvchanlik, unumdorlik, zichlik.

THE EFFECT OF ORGANO-MINERAL COMPOSTS ON SOIL WATER PERMEABILITY IN SALINE SOILS

Abstract. The process of water permeability in saline soils is one of the important factors that directly affects the development and productivity of crops. The article reviews the effect of organo-mineral composts of various compositions on the soil water regime in saline soils. The combination of organic matter, glauconite agro-ore and sugarcane waste in the compost improved the soil structure and increased porosity. As a result, it was noted that the rate of water infiltration increased, salt leaching and soil reclamation improved. In addition, organo-mineral composts played an important role in improving soil water permeability in saline soils, efficient use of water and creating favorable agro-ecological conditions for crops.

Key words. Soil, organic-mineral compost, manure, mineral fertilizers, water permeability, productivity, density.

ВЛИЯНИЕ ОРГАНО-МИНЕРАЛЬНЫХ КОМПОСТОВ НА ВОДОПРОНИЦАЕМОСТЬ ПОЧВЫ НА ЗАСОЛЕННЫХ ЗЕМЛЯХ

Аннотация. Процесс водопроницаемости в засоленных почвах является одним из важных факторов, напрямую влияющих на развитие и продуктивность сельскохозяйственных культур. В статье рассматривается влияние органо-минеральных компостов различного состава на водный режим почв засоленных почв. Сочетание органического вещества, глауконитовой агроруды и отходов сахарного тростника в компосте улучшило структуру почвы и увеличило ее пористость. В результате отмечено увеличение скорости инфильтрации воды, улучшение выщелачивания солей и мелиоративных свойств почвы. Кроме того, органо-минеральные компосты сыграли важную роль в улучшении водопроницаемости почв засоленных почв, эффективном использовании воды и создании благоприятных агроэкологических условий для сельскохозяйственных культур.

Ключевые слова. Почва, органоминеральный компост, навоз, минеральные удобрения, водопроницаемость, продуктивность, плотность.

KIRISH

Shoʻrlangan tuproqlar Oʻzbekiston, jumladan Qoraqalpogʻiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi uchun eng dolzarb muammolardan biri hisoblanadi. Tuproqdagi ortiqcha tuzlar ekinlarning normal rivojlanishini sekinlashtiradi, hosildorlikni pasaytiradi hamda tuproqning suv-fizik xossalariga, xususan suv oʻtkazuvchanligiga salbiy ta’sir koʻrsatadi. Suv oʻtkazuvchanlik darajasi past boʻlgan sharoitda ekin ildizlari uchun yetarli namlik toʻplanmaydi, ortiqcha suv esa shoʻrning yana ham yuqoriga koʻtarilishiga sabab boʻladi. Shu bois shoʻrlangan yerlarda suv rejimini yaxshilash, tuproqning gʻovakligini oshirish va strukturaviy barqarorligini mustahkamlash ilmiy-amaliy jihatdan katta ahamiyatga ega.

Soʻnggi yillarda organo-mineral kompostlardan foydalanish ushbu muammoga samarali yechim sifatida qaralmoqda. Organo-mineral kompostlar tarkibida organik moddalar, mineral oʻgʻitlar hamda foydali mikroelementlarning uygʻunlashuvi tuproqning agrofizik xossalarini yaxshilash, gumus miqdorini oshirish, mikrobiologik faollikni kuchaytirish va eng muhimi, suv oʻtkazuvchanlikni yaxshilash imkonini beradi. Organik modda tuproqni strukturalash, mineral komponent esa ekinlarning oziqlanishini ta’minlash orqali kompleks ta’sir koʻrsatadi.

Mazkur tadqiqot shoʻrlangan yer sharoitida organo-mineral kompostlarning tuproq suv oʻtkazuvchanligiga ta’sirini oʻrganishga qaratilgan. Bunda turli tarkibdagi kompostlarning suv infiltratsiyasi, tuproqning namni ushlab qolish qobiliyati va shoʻr yuvilish jarayoniga ta’siri tahlil qilinadi. Olingan natijalar nafaqat shoʻrlangan yerlarda ekinlar uchun qulay agroekologik sharoit yaratishga, balki suv resurslaridan samarali foydalanishga ham xizmat qiladi. Shu tariqa, organo-mineral kompostlardan foydalanish shoʻrlangan yerlarning meliorativ holatini yaxshilashda istiqbolli yoʻnalishlardan biri hisoblanadi.

Olimlar tomonidan olib borilgan ilmiy-tadqiqot ishlari natijalari bo‛yicha mavsumda 15-20% gacha kamaytirilgan mineral o‛g‛itlar fonida qo‛llanilgan organomineral kompost meliorantlar ham meliorant, ham qo‛shimcha oziqa sifatida tuproq unumdorligi va meliorativ holatiga g‛o‛zaning o‛sishi, rivojlanishi, hosil to‛plashiga ta‛siri ijobiy bo‛lgan [2; 594-599-b., 3; 36-37-b.].

Ayrim manbalarda ta’kidlanishicha, murakkab organo-mineral kompostlarning qoʻllanilishi tuproqning ustki qatlamida (0–20 sm) fizik xususiyatlarni yaxshilashga yordam bergan. Natijada, agrotexnik ahamiyatga ega agregatlar ulushi hamda tuproq strukturasi koeffitsienti ortgan, suvga bardoshliligi kuchaygan. Shuningdek, tuproqning zichligi pasayib, gʻovaklik darajasi va nam sigʻimi oshgani, suv bilan bogʻliq ko‘rsatkichlari esa yanada yaxshilangani aniqlangan [4; 21–22-b.].

Ba’zi bir manbalarda, oʻtloqqa xoslanib borayotgan taqirsimon tuproqlarda 11,0–16,0 t/ga miqdorda kompost qoʻllanishi natijasida tuproqning 0–30 sm qatlamida hajmiy massasi nazorat variantiga nisbatan 0,03–0,04 g/sm³ ga pasaygan. Natijada tuproqning suv oʻtkazish qobiliyati 21–34 m³ ga oshgani, dala nam sigʻimi esa 0,1–0,2 % ga yuqorilagani aniqlangan [1; 529–530-b.].

Bundan tashqari, har xil chiqindilarni kompostlash orqali organik komponentlarning mineralizatsiyasi va namlanishining biotermik jarayonini sodir etib, ba‛zi oziq moddalar (go‛ng, atala va qushlarning axlati) yo‛qotilishini kamaytiradi, shu bilan birga boshqalarning (torf, somon, maishiy chiqindilar) parchalanishini tezlashtiradi va ularni mineralizatsiyaga aylantiradi, tuproq sifatini yaxshilash uchun aralashishi aniqlangan [5; 15-16-b.].

MATERIALLAR VA USULLAR

Tajriba dala usuli bo‛yicha olib borildi. Tajribada tuproqning agrofizikaviy tahlillarini o‛tkazishda «Методы агрофизических исследований» (Tashkent, 1973) uslubiy qo‛llanmasidan foydalanildi [6].

Tuproqning suv oʻtkazuvchanligi kesma egat usulida aniqlandi, ushbu tahlillar tajribani boshlashdan oldin belgilangan nuqtalarda, tajriba davomida amal davrini boshi va oxirida har bir variantda aniqlandi. Tuproqning mexanik tarkibi tajribadan oldin tuproqning 0-150 sm. qatlamigacha aniqlandi.

Tajriba 9 variantdan iborat boʻlib, tizimli uslubda joylashtirildi. Nazorat variantida faqat mineral oʻgʻitlarning yillik me’yori qoʻllanilgan boʻlsa, boshqa variantlarda mineral oʻgʻitlar kamaytirilgan miqdorda qoʻllanildi. 2-4 variantlarda shudgor ostiga organik oʻgʻit (goʻng) gektariga 10, 15 va 20 tonna miqdorlarida qoʻllanildi. Organo-mineral kompostlar esa 5-9 variantlarda goʻng, glaukonit agrorudasi va shirinmiya chiqindilarini har xil miqdorda aralashtirilib shudgor ostiga qoʻllanildi.

NATIJALAR VA MUHOKAMA

Ilmiy tajribamizda tuproqning suv oʻtkazuvchanligiga organik, mineral oʻgʻitlar va har xil tarkibdagi kompostlarning ta’sirini aniqlash maqsadida bahorda va kuzda tuproqning suv oʻtkazuvchanligini aniqladik. Bunda 1 p.m. egat kesmasi usulidan foydalandik.

Tajribaning 1-yilida tuproqning suv oʻtkazuvchanligi boʻyicha kuzatuvlarning birinchi soatida bahorda variantlar boʻyicha 194-218 m3/ga suv oʻtkazgan boʻlsa, keyingi soatlarda kamayib borib, jami 6 soatda 651,6-747,0 m3/ga ni tashkil etib, vegetatsiya oxirida tuproqning suv oʻtkazuvchanligi pasayganligi aniqlandi.

Tajribada nazorat variantida bahorda tuproqning suv oʻtkazuvchanligi 6 soatda jami 651,6 m3/ga teng boʻlgan boʻlsa, kuzda tuproqning suv oʻtkazuvchanligi kuzatuvlarning 6-soatida jami 501,0 m3/ga ni tashkil qildi.

Gektariga 10, 20 va 30 tonna miqdorida goʻng va unga qoʻshimcha mineral oʻgʻitlarning kamaytirilgan miqdori qoʻllanilgan 2-4 variantlarda bahorda tuproqning suv oʻtkazuvchanligi kuzatuvlarning oxirida 6 soatda jami 675,1-712,0 m3/ga suv singdirgan boʻlsa, kuzda vegetatsiya davri oxirida esa 6 soatda 517,2-544,6 m3/ga suv oʻtkazuvchanligi aniqlandi. Bu koʻrsatkichlarni nazorat variantiga solishtirganda bahorda 6 soatda 23,8-60,7 m3/ga va kuzda 6 soatda 16,2-43,6 m3/ga koʻp suv oʻtkazuvchanlikka ega boʻldi.

Tuproqning suv oʻtkazuvchanligi yanada yaxshilanib borishi organo-mineral kompostlarni qoʻllashning har xil nisbatlariga bogʻliq holda me’yorlari oshishi bilan bogʻliq boʻlganligi aniqlandi.

Kompost-1 va kompost-2 qoʻllanilgan variantlarda bahorda ya’ni vegetatsiya davri boshida tuproqning suv oʻtkazuvchanligi kuzatuvning 6 soatida 680,5-674,0 m3/ga boʻlgan boʻlsa, kuzda vegetatsiya davri boshida tuproqning suv oʻtkazuvchanligi kuzatuvning 6 soatida 521,5-516,0 m3/ga tashkil qildi. Bunda asosan kompost-1 qoʻllanilgan variantda kompost-2 qoʻllanilgan varianga nisbatan suv oʻtkazuvchanlik biroz yuqori boʻlganligi aniqlandi. Bu oʻzgarishlarni kompostlar nisbatlariga bogʻliq holda glaukonit koʻpayganligi bilan izohlash mumkin. Ushbu variantlarni nazorat variantiga nisbatan bahorda 28,9-22,4 m3/ga va kuzda esa 20,5-15,0 m3/ga koʻp boʻldi.

Bundan tashqari, kompostlarni 20 t/ga me’yorlari qoʻllanilganda bahorda vegetatsiya davri boshida tuproqning suv oʻtkazuvchanligi kuzatuvning 6 soatida 727,6 m3/ga va kuzda esa 597,5 m3/ga ni tashkil qilgan boʻlsa, kompost-4 22 t/ga miqdorda qoʻllanilgan 8-variantda bahorda vegetatsiya davri boshida tuproqning suv oʻtkazuvchanligi kuzatuvning 6 soatida 747,0 m3/ga ni, kuzda 608,0 m3/ga boʻlgan boʻlsa, kompost-5 24 t/ga miqdorda qoʻllanilgan 9-variantda bahorda vegetatsiya davri boshida tuproqning suv oʻtkazuvchanligi kuzatuvning 6 soatida 714,0 m3/ga ni, kuzda 588,0 m3/ga ni tashkil qildi.

Tuproqning suv singdirish qobiliyati tajribaning barcha variantlarida kuzatuvning 1-soatidan 6-soatga tomon pasayib borishi aniqlandi. Boshqa variantlarga nisbatan yuqori koʻrsatkichlar 22 t/ga qoʻllanilgan variantda aniqlanib, kuzatuvning 6-soatida koʻrsatkichlar nazorat variantiga nisbatan kuzda 107,0 m3/ga ortiqcha boʻlganligi aniqlandi.

Maqbul hisoblangan 8-variantda qoʻllanilgan 22 t/ga organo-mineral kompostlarning keyingi yillardagi ta’siri tuproqning suv oʻtkazuvchanlik koʻrsatkichlari boʻyicha birinchi yilidagi kabi holat saqlanib qoldi, lekin biroz kamayganligi aniqlandi.

Tadqiqotlarning uchinchi yilida ham variantlar kesimida avvalgi yillarda qayd etilgan qonuniyatlar saqlanib qoldi hamda ularning keyingi davrlarda ham ijobiy ta’sir ko‘rsatishi aniqlandi. Yuqori ko‘rsatkichlar, asosan, kompost-3, kompost-4 va kompost-5 qo‘llanilgan variantlarda kuzatildi. Jumladan, 7-variantda gektariga 20 t kompost-3 berilganda uchinchi yil kuzgi kuzatuvlarida 6 soat davomida tuproqning suv o‘tkazuvchanligi 583,5 m³/ga ni tashkil etgan bo‘lsa, 22 t/ga miqdorida kompost-4 qo‘llanilgan 8-variantda bu ko‘rsatkich 595,0 m³/ga ga yetdi. Shuningdek, 24 t/ga kompost-5 ishlatilgan 9-variantda mos ravishda 573,5 m³/ga natija qayd etildi.

Tuproqning suv o‘tkazuvchanligini chegaralovchi asosiy omil zichlanish hisoblanadi. Tuproq zichlashuvi sug‘orish jarayonlari, qishloq xo‘jaligi texnikalarining qator oralig‘idan o‘tishi, yog‘ingarchilik va boshqa tashqi omillar ta’sirida yuzaga keladi. Shu bilan birga, organik moddalarga boy tuproqlarda bunday salbiy holat sezilarli darajada kamayishi kuzatiladi.

G‘o‘za o‘g‘itlanishida mineral va organik o‘g‘itlar, shuningdek, turli tarkibdagi kompostlarning me’yoriy qo‘llanilishi tuproqning suvni singdirish va o‘tkazuvchanlik xususiyatlariga muayyan ta’sir ko‘rsatishi aniqlangan.

XULOSA

Olib borilgan tadqiqotlar shoʻrlangan tuproqlar sharoitida organo-mineral kompostlarning tuproq suv oʻtkazuvchanligiga ijobiy ta’sirini ko‘rsatdi. Kompost tarkibidagi goʻng, glaukonit agrorudasi va shirinmiya chiqindilarining uygʻunlashuvi tuproqning strukturasi va gʻovakligini yaxshilab, suvning infiltratsiya tezligini oshirdi. Natijada tuproqning namni ushlab qolish qobiliyati ortib, shoʻrning yuvilish jarayoni tezlashdi hamda meliorativ holati yaxshilandi. Barcha variantlarda nisbatan yuqori koʻrsatkichlar kompost-4 22 t/ga qoʻllanilgan 8-variantda olinib, kuzatuvning 6-soatida koʻrsatkichlar nazorat variantiga nisbatan kuzda 107,0 m3/ga, goʻng 20 t/ga qoʻllanilgan 4-varianga nisbatan esa 63,4 m3/ga ortiqcha boʻlganligi aniqlandi.

ADABIYOTLAR

  1. Boltaev S.M., Axmedov Sh.M. Organo-mineral kompostlarni qo‛shimcha oziqa sifatida qo‛llashning tuproq hajm massasining o‛zgarishiga ta‛siri. 22 aprel - Xalqaro Er kuni va 2015 yil-Xalqaro Tuproq yiliga bag‛ishlangan «Er resurslarini boshqarishda fan va innovatsion texnologiyalar integratsiyasi» mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy seminari materiallari. T.: 2015. B. 529-530.
  2. Boltaev S.M., Nurmatov N.J. Bentonit asosli organomineral kompostlarning tuproq meliorativ holatining o‛zgarishi va paxta hosildorligiga ta‛siri. // Biologiyaning zamonaviy tendensiyalari: muammolar va yechimlar” Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi. 25-noyabr. 2023. B. 594-599.
  3. Boltaev S., Ortikov A., Qoraboev T., Turdiev B. «Noan’anaviy organomineral kompostlarning tuproq meliorativ holatining o‛zgarishi va paxta hosildorligiga ta‛siri» //Agro biznes inform jurnali 2019. B. 36-37.
  4. Славгородская Д.А. Влияние сложного органоминерального компоста на свойства чернозема обыкновенного и урожайность озимой пшеницы в западном предкавказье. // Автореф. дисс. на соиск. уч. степ. к. с-х. н. -Краснодар. 2014. С. 21-22.
  5. Гузенко К.В. Компостирование органических отходов. // Научный Центр «Аэтерна». Инновационный вектор развития науки. Сборник статей Международной научно-практической конференции. Уфа АЭТЕРНА. 6 августа 2014 г. С. 15-16.
  6. Методика агрофизических исследований почв Средней Азии. Ташкент. 1973 г. Уз НИХИ.