UO‘K: 631.8:631.445.52:633.1

G‘O‘ZANING QURG‘OQCHILIKKA CHIDAMLILIK MEXANIZMLARI VA AGROTEXNIK ISHLOV BERISH CHUQURLIGINING HOSILDORLIKKA TA’SIRI

Qodirov Elbek Ilhom o‘g‘li iD

Buxoro davlat universiteti o‘qituvchisi

Annotatsiya. Ushbu maqolada Buxoro Davlat Universiteti Agronomiya va biotexnologiya fakulteti o‘quv dala tajriba xo‘jaligi sharoitida g‘o‘zaning Buxoro-8, Buxoro-10 va Porloq navlarining qurg‘oqchilikka adaptatsion xususiyatlari, hosildorlik ko‘rsatkichlari hamda tola sifati o‘rganilgan. Bir xil tuproq-iqlim va agrotexnik sharoitda o‘stirilgan navlar orasida Buxoro-8 navi tolasining pishiqligi, kasallik va zararkunandalarga chidamliligi hamda suvsizlik sharoitida yuqori hosil bera olishi (33.6–35.7 s/ga) bilan ajralib turdi. Shuningdek, g‘o‘za qator oralariga ishlov berish chuqurligi, kultivatsiya tartiblari va ularning o‘simlik rivojlanishiga ta’siri bo‘yicha amaliy tavsiyalar keltirilgan.

Kalit so‘zlar: G‘o‘za, Buxoro-8, Buxoro-10, Porloq, qurg‘oqchilik, adaptatsiya, hosildorlik, tola sifati, qator oralariga ishlov berish, kultivatsiya, osmoprotektorlar, 1-2-1 sug‘orish tartibi.

МЕХАНИЗМЫ ЗАСУХОУСТОЙЧИВОСТИ ХЛОПЧАТНИКА И ВЛИЯНИЕ ГЛУБИНЫ АГРОТЕХНИЧЕСКОЙ ОБРАБОТКИ НА УРОЖАЙНОСТЬ

Аннотация. В данной статье изучены адаптационные свойства к засухе, показатели урожайности и качество волокна сортов хлопчатника «Бухара-8», «Бухара-10» и «Порлок» в условиях учебного опытно-полевого хозяйства факультета агрономии и биотехнологии Бухарского государственного университета. Среди сортов, выращенных в одинаковых почвенно-климатических и агротехнических условиях, сорт «Бухара-8» выделялся прочностью волокна, устойчивостью к болезням и вредителям, а также способностью давать высокий урожай в условиях дефицита воды (33,6–35,7 ц/га). Также представлены практические рекомендации по глубине обработки междурядий хлопчатника, режимам культивации и их влиянию на развитие растений.

Ключевые слова: Хлопчатник, Бухара-8, Бухара-10, Порлок, засуха, адаптация, урожайность, качество волокна, междурядная обработка, культивация, осмопротекторы, режим орошения 1-2-1.

MECHANISMS OF DROUGHT TOLERANCE IN COTTON AND THE EFFECT OF AGROTECHNICAL TILLAGE DEPTH ON YIELD

Abstract. This article examines the drought adaptation characteristics, yield indicators, and fiber quality of "Bukhara-8", "Bukhara-10", and "Porloq" cotton varieties under the conditions of the educational experimental field station of the Faculty of Agronomy and Biotechnology at Bukhara State University. Among the varieties grown under uniform soil-climatic and agrotechnical conditions, the "Bukhara-8" variety stood out for its fiber strength, resistance to diseases and pests, and high yield potential under water scarcity conditions (33.6–35.7 c/ha). Additionally, practical recommendations regarding inter-row cultivation depth, cultivation practices, and their impact on plant development are provided.

Key words: Cotton, Bukhara-8, Bukhara-10, Porloq, drought, adaptation, yield, fiber quality, inter-row cultivation, cultivation, osmoprotectants, 1-2-1 irrigation scheme.

KIRISH

Global iqlim o‘zgarishlari, havo haroratining ko‘tarilishi va suv resurslarining tanqisligi ortib borayotgan hozirgi davrda qishloq xo‘jaligi ekinlari, xususan, g‘o‘za o‘simligining qurg‘oqchilik va noqulay omillarga chidamliligini oshirish paxtachilik sohasining eng dolzarb muammolaridan biri bo‘lib qolmoqda. Buxoro viloyatining keskin kontinental iqlimi va tuproq-havo qurg‘oqchiligi sharoitida o‘simliklarning fiziologik-biokimyoviy moslashuv (adaptatsiya) mexanizmlarini o‘rganish hamda stress omillarga chidamli, yuqori va sifatli hosil beruvchi navlarni tanlash alohida ilmiy-amaliy ahamiyat kasb etadi (Abduazimov va boshq., 2021).

G‘o‘zaning qurg‘oqchilikka chidamliligi murakkab ko‘p bosqichli jarayon bo‘lib, u hujayra, to‘qima va ontogenetik darajada namoyon bo‘ladi. Suv tanqisligi sharoitida o‘simlikda suv sarfini kamaytirish, osmotik bosimni va protoplazma qovushqoqligini tartibga solish hamda past molekulali osmoprotektorlarni to‘plash kabi himoyaviy reaktsiyalar ishga tushadi (Mammedov va Hamroyeva, 2019). Shuning bilan birga, genetik omillar bilan bir qatorda agrotexnik tadbirlarni — ayniqsa, qator oralariga o‘z vaqtida va maqbul chuqurlikda ishlov berishni (kultivatsiya va chizellesh) to‘g‘ri tashkil etish tuproqning suv-fizik xususiyatlarini yaxshilash hamda ildiz tizimining chuqur rivojlanishini ta’minlashda hal qiluvchi rol o‘ynaydi (Sattorov, 2022).

G‘o‘zaning suv rejimiga va qurg‘oqchilikka chidamliligiga oid ko‘plab ilmiy izlanishlar olib borilgan bo‘lsa-da, Buxoro viloyati sharoitida istiqbolli va rayonlashtirilgan Buxoro-8, Buxoro-10 hamda Porloq navlarining bir xil suv-ozuqa rejimi va tuproq-iqlim muhitida o‘zaro qiyosiy adaptatsion imkoniyatlarini har tomonlama baholash doimiy yangilanib turuvchi tadqiqotlarni talab etadi (Allayarov, 2020).

Tadqiqotning maqsadi: Buxoro Davlat Universiteti Agronomiya va biotexnologiya fakultetining o‘quv dala tajriba xo‘jaligi sharoitida g‘o‘zaning Buxoro-8, Buxoro-10 va Porloq navlarining qurg‘oqchilikka adaptatsion fiziologik-biokimyoviy xususiyatlarini aniqlash, qator oralariga ishlov berish agrotexnikasini maqbullashtirish hamda yuqori hosildorlik va tola sifatiga ega bo‘lgan optimal navlarni asoslab berishdan iborat.

MATERIALLAR VA USULLAR

Birinchi terimgacha ochilgan ko‘saklar soni: Har bir navdan 10 tadan namunaviy o‘simlik olinib, ochilgan ko‘saklar soni hisoblandi va o‘rtacha qiymat chiqarildi.

1. Fiziologik va biokimyoviy tahlillar: Hujayra shirasining osmotik bosimi, protoplazma qovushqoqligi, barglarning suv potentsiali, kunduzgi va qoldiq suv tanqisligi hamda bog‘langan xlorofill miqdori tezkor (ekspress) usullar yordamida aniqlandi.

2. Agrotexnik ishlov berish: Yengil va o‘rta tuproqlarda kultivatsiya chuqurligi (6–16 sm) hamda chizel-kultivator yordamida chuqur yumshatish (18–22 sm) amallari o‘tkazildi.

NATIJALAR VA MUHOKAMA

Buxoro Davlat Universiteti Agronomiya va biotexnologiya fakulteti oʼquv dala tajriba xoʼjaligida oʼtkazilgan tadqiqot ishida quyidagi natijalar qayd etildi. Bunga koʼra tajriba maydonida yetishtirilgan gʼoʼzaning Buxoro-10, Buxoro-8, Porloq navlarida hosildorlik koʼrsatkichlari turlicha boʼlib, tolasining sifat darajalari ham turlicha ekanligi aniqlandi. Shuni alohida qayd etish lozimki, yetishtirilgan navlar bir xil suv va ozuqa muhitida, bir xil tuproq – iqlim sharoitida oʼstirilgan. Ammo nav xossa – xususiyatlari oʼsish va rivojlanish davomida oʼz ta’sirini koʼrsatdi. Navlar orasida Buxoro-8 tolasining pishiqligi, kasallik va zararkunandalarga nisbatan chidamliligi, qolaversa suvsizlik va qurgʼoqchilik sharoitida ham kutilgan hosilni bera olishi bilan qolgan navlardan farq qildi (1-jadval).

1-jadval

G‘o‘za navlarida birinchi terimgacha ochilgan ko‘saklar soni (dona)

T/r

Buxoro-8

Porloq

Buxoro-10

1

17

7

9

2

10

7

6

3

7

4

6

4

14

8

12

5

8

7

8

6

5

7

9

7

6

11

6

8

6

7

10

9

8

5

9

10

12

12

8

O’rtacha

9.3

7.5

9.3

‘‘Qurgʼoqchilik sharoitida g’o’zaning adaptatsion xususiyatlar” mavzusidagi magistrlik dissertatsiyasi boʼyicha olib borilgan tadqiqotlar natijasi quyidagilar.

1. Gʼoʼzaning qurgʼoqchilikka hujayra, toʼqima va ontogenetik darajadagi himoyaviy moslashish qonuniyatlari aniqlanib, tuproqdagi namlik darajasiga bogʼliq holda navlarning qurgʼoqchilikka chidamliligining fiziologik, biokimyoviy, gabitual shakllari ilmiy asoslangan va shu asosda qurgʼoqchilikka chidamli gʼoʼza navlarining modeli yaratildi.

2. Gʼoʼzaning qurgʼoqchilikka moslashish mexanizmlari – suv sarflashni kamaytirish, past molekulali osmoprotektorlarni toʼplash, moddalar almashinuvi oʼzgarishi, suvdan foydalanish samaradorligining ortishi asosida qurgʼoqchilikka moslashishning fiziologik va biokimyoviy qiyosiy tavsifi ishlab chiqildi.

3. Gʼoʼza navlarining tuproq qurgʼoqchiligiga reaktsiyasi nav xususiyatlariga bogʼliqligi, suv bilan taʼminlanganlik darajalari oʼsimliklarning fiziologik va biokimyoviy jarayonlariga hamda hosil va uning sifatiga taʼsiri aniqlandi.

4. Tuproq namligi moʼtadil boʼlgan sharoitda oʼstirilgan barcha gʼoʼza navlarining kunduzgi va qoldiq suv tanqisligi, barglarning suv potentsiali, hujayra shirasining osmotik bosimi, protoplazmaning qovushqoqligi, hujayraning suvsizlik va issiqqa chidamlilik darajalari tuproq qurgʼoqchiligi sharoitida oʼstirilgan oʼsimliklarga qaraganda sezilarli darajada past boʼlishi kuzatildi.

5. Tuproq qurgʼoqchiligi kuzatiladigan hududlarning paxtachilik xoʼjaliklarida yuqori va sifatli hosil olish uchun qurgʼoqchilikka chidamli, hosil salmogʼi va sifati yuqori boʼlgan gʼoʼzaning Buxoro-8, Porloq Buxoro-10, navlarini ekish tavsiya etiladi.

6. Buxoro-8, Porloq va Buxoro-10 gʼoʼza navlarida yuqori va sifatli hosil 1-2-1, sugʼorish tartibida aniqlandi va gʼoʼzaning hosildorligi Buxoro-8 navida 33.6–35.7 s/ga, Buxoro-10 navida 30.6–31.8 s/ga va Porloq navida 28.1–29.2 s/ga boʼlib, tola sifati jahon andozalariga javob bera olishi asoslandi.

7. Tuproq qurgʼoqchiligi barcha gʼoʼza navlaridagi bogʼlangan suv miqdori, barglardagi suv tanqisligi, protoplazma qovushqoqligi hamda barg hujayralarining suvsizlik va issiqlikka chidamliligining nisbatan oshishiga olib keldi. Qurgʼoqchilikka chidamlilikning fiziologik va biokimyoviy koʼrsatkichlari qiymati qurgʼoqchilikka chidamli boʼlgan navlarda eng yuqori boʼlishi qayd etildi.

8. Gʼoʼza oʼsimligining tuproqdagi suv tanqisligiga nisbatan chidamlilik darajasini aniqlash uchun barglardagi qoldiq suv tanqisligi va diffuzion qarshiligi, barglardagi bogʼlangan suv hamda bogʼlangan xlorofill miqdorini aniqlashning tezkor usuli ishlab chiqildi va taklif etildi.

9. Suv tanqisligi, atmosfera va tuproq qurgʼoqchiligi kuzatiladigan yillarda ekologik toza elektravjlantirish usulini qoʼllash asosida gʼoʼza navlarini qurgʼoqchilikka nisbatan chidamliligi, hosildorligi va sifatini oshirishga erishildi.

O‘simlikning yaxshi o‘sib rivojlanishida uning qator oralariga ishlov berish katta ahamiyatga ega. Bunda tuproqning suv-fizik, havo va mikrobiologik xususiyatlari, shuningdek oziqa tartibi yaxshilanadi, begona o‘tlarning bir qismi yo‘qotiladi, suvdan samarali foydalaniladi. Qator orasiga ishlov berish muddatidan kechiksa, o‘simlikning oziqlanish tizimi buziladi, begona o‘tlar zarari ko‘payadi, yosh nihollar ildiz chirish va gommoz kasalliklardan ko‘proq zararlanadi va hosildorlik 15-25% ga pasayadi. G‘o‘za qator oralariga ishlov berishda tuproq xususiyatlarini inobatga olib, uning chuqurligi va sonini belgilash maqsadga muvofiqdir. Mexanik tarkibi yengil va o‘rta tuproqlarda birinchi kultivatsiya yaganalashdan oldin o‘tkaziladi. Bunda kultivatorning chetki ishchi organlari 6-8 sm, ikkinchi juft organlar 8-10 sm, uchinchi juft organlar 10-12 sm, to‘rtinchi juft organlar (90 sm qator orasida) 12-14 sm, o‘rtadagilari 60 sm qator oralig‘ida 12-14 sm, 90 sm qator oralig‘ida 15-16 sm chuqurlikda moslab o‘rnatiladi. G‘o‘za qator orasini birinchi ishlov berishda 60 sm qator oralig‘ida ikki tomondan 5-7 sm himoya zonasi qoldirilib, ishlov berish kengligi 45-50 sm, kultivatordagi ishchi organlar soni 33 donani, 90 sm qator oralig‘ida ikki tomondan 5-7 sm himoya zonasi qoldirilib, ishlov berish kengligi 75-80 sm, kultivatordagi ishchi organlar soni 37-39 donani tashkil etishi, chetki organlarda disk o‘rnatilgan bo‘lishi shart. G‘o‘za qator orasini ishlashda 1- 2 kultivatsiya o‘rtasida chizelkultivator yordamida chuqur (18-22 sm) yumshatishni amalga oshirish yaxshi samara beradi, ildiz tizimi baquvvat rivojlanib, yer osti suvlaridan samarali foydalaniladi.

XULOSA

Bir xil tuproq-iqlim va agrotexnik sharoitda navlarning genetik xususiyatlari ularning qurg‘oqchilikka chidamliligi va hosildorligiga bevosita ta’sir ko‘rsatdi. Navlar ichida Buxoro-8 eng yuqori adaptativ imkoniyat va hosildorlikni (33.6–35.7 s/ga) namoyon etdi.

1-2-1 sug‘orish tartibi qo‘llanilganda Buxoro-10 navidan 30.6–31.8 s/ga, Porloq navidan esa 28.1–29.2 s/ga paxta hosili olindi. Tuproq qurg‘oqchiligi sharoitida o‘simliklarda bog‘langan suv miqdori, protoplazma qovushqoqligi va suvsizlikka chidamlilik darajasi oshishi aniqlandi.

G‘o‘za qator oralariga o‘z vaqtida va to‘g‘ri chuqurlikda (birinchi kultivatsiya 6–16 sm, chizellesh 18–22 sm) ishlov berish ildiz tizimini baquvvat rivojlantirib, hosildorlikning 15–25% ga pasayishining oldini oladi. Tuproq va atmosfera qurg‘oqchiligi kuzatiladigan Buxoro viloyati paxtachilik xo‘jaliklarida ekologik toza elektr-agrotexnologiyalarni qo‘llash hamda Buxoro-8 navini ekish tavsiya etiladi.

ADABIYOTLAR

1. Allayarov X. A. G‘o‘zaning qurg‘oqchilikka adaptatsion xususiyatlari va ularni oshirish yo‘llari. Magistrlik dissertatsiyasi. – Buxoro: Buxoro Davlat Universiteti, Agronomiya va biotexnologiya fakulteti.

2. Abduazimov A. M., va boshq. Buxoro viloyati iqlim va tuproq sharoitida istiqbolli g‘o‘za navlarining hosildorligi va tola sifati ko‘rsatkichlari. O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi jurnali, 2021, № 4, 18-22-b.

3. Mammedov Q. S., Hamroyeva M. SH. G‘o‘zaning fiziologik va biokimyoviy chidamlilik ko‘rsatkichlarini aniqlash usullari. O‘simliklar fiziologiyasi va biotexnologiyasi to‘plami, – Toshkent: Fan, 2019, 105-112-b.

4. Sattorov M. N. Paxtachilikda agrotexnik tadbirlar va qator oralariga ishlov berish texnologiyalari. Agro ilm, 2022, № 2(78), 45-48-b.