UO‘K: 632.913.1
BUG‘DOYDAN YUQORI VA SIFATLI DON HOSILI OLISHDA SAMARALI CHORA-TADBIRLAR
Amirqulov Otabek Saydullayevich iD
Qarshi davlat texnika universiteti "Qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash texnologiyasi" kafedrasi dotsenti, qishloq xo'jaligi fanlari falsafa doktori (PhD)
e-mail: [email protected]
Tilakmurodov Jo‘rabek Maxmadshox o‘g‘li iD
Qarshi davlat texnika universiteti
e-mail: [email protected]
ANNOTATSIYA. Maqolada bug‘doydan yuqori va sifatli don hosili yetishtirishda samarali kimyoviy kurash choralarining ahamiyati yoritilgan. G‘alla maydonlarini zararkunandalar, kasalliklar va begona o‘tlardan himoya qilish, o‘g‘itlash hamda sug‘orish tadbirlarini o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha tavsiyalar berilgan. Insektitsid va fungitsidlarni qo‘llash me’yorlari keltirilgan.
Kalit so‘zlar: Bug‘doy, g‘alla, zararkunanda, kasallik, begona o‘t, kimyoviy kurash, hosildorlik, o‘g‘itlash, sug‘orish.
ЭФФЕКТИВНЫЕ МЕРЫ ПО ПОЛУЧЕНИЮ ВЫСОКОГО И КАЧЕСТВЕННОГО УРОЖАЯ ЗЕРНА ПШЕНИЦЫ
АННОТАЦИЯ. В статье освещается значение эффективных химических мер защиты при выращивании высокого и качественного урожая зерна пшеницы. Приведены рекомендации по своевременной защите посевов от вредителей, болезней и сорной растительности, а также проведению подкормки и орошения. Представлены нормы применения инсектицидов и фунгицидов для повышения урожайности и качества зерна.
Ключевые слова: Пшеница, зерно, вредители, болезни, сорняки, химическая защита, урожайность, удобрение, полив.
EFFECTIVE MEASURES FOR OBTAINING HIGH AND HIGH-QUALITY WHEAT GRAIN YIELDS
ANNOTATION. The article highlights the importance of effective chemical protection measures for obtaining high and high-quality wheat grain yields. Recommendations are provided on the timely protection of wheat crops against pests, diseases, and weeds, as well as on proper fertilization and irrigation. Application rates of insecticides and fungicides aimed at increasing yield and grain quality are also presented.
Key words: Wheat, grain, pests, diseases, weeds, chemical control, yield, fertilization, irrigation.
KIRISH
Davlatimizda aholi sonining kun sayin ko‘payib borishi bilan don va don mahsulotlariga bo‘lgan talab yildan-yilga ortmoqda. Xalqimizni donga bo‘lgan ehtiyojini to‘la ta’minlashda g‘alla ekinlari hosildorligini oshirish, dehqonchilik madaniyatini yuksak hisoblash, urug‘chilikni yaxshilash, yuqori avlodli urug‘lik ekish bilan bir vaqtda, g‘allazorlardagi hosilni kasalliklar, begona o‘tlar va zararkunandalardan himoya qilish eng muhim dolzarb ahamiyatga ega hisoblanadi.
Joriy yilda Respublikamizda don hosili uchun 947,1 ming gektardan ortiqroq maydonlarga kuzgi boshoqli don ekinlari ekilgan bo‘lib, shundan asosiy erta, maqbul muddatlarda ekilgan g‘alla nihollari bugungi kunda naychalash va ayrim erta maydonlar boshoqlash davrida rivojlanganligi ma’lum.
G‘allazorlarda zararkunanda hasharotlar, kasalliklar va begona o‘tlar paydo bo‘lish muddati bir vaqtga to‘g‘ri kelganda insektitsid, fungitsid va gerbitsidlarni qo‘shib ishlatish yaxshi samara berishi bilan birga, ortiqcha sarf-xarajatlarni tejab qolish imkoni bo‘ladi [1].
Aprel oyida boshoqli don ekinlarining jiddiy zararkunanda hasharotlaridan: shilliqqurt, zararli xasva, bug‘doy tripsi, shira kabi hasharotlar katta maydonlarni zararlashi ta’kidlanadi. Shuningdek, g‘alla maydonlari zararlanishini inobatga olib, doimiy kuzatuvlar va qarshi kurash choralarini ertaroq amalga oshirish kerakligi keltirib o‘tilgan [2]. Respublikamizda bugungi kunda g‘allachilik sohasi barqarorligini ta’minlash, don sifatini yaxshilash muammolarining asosiy yechimi tashqi muhitning noqulay omillariga, kasallik va zararkunandalarga chidamli, mahsuldor, don sifati bo‘yicha kuchli va qimmatbaho bug‘doy talablariga javob beradigan navlarini yaratish va joriy etish, ekinning mineral oziqalarga, ayniqsa azotli o‘g‘itlarga talabini butun o‘suv davri davomida ta’minlanib turish va boshqa agrotexnologik tadbirlarni yuqori saviyada o‘tkazilishiga bog‘liqdir [3].
Bu yil qish oylarida havoning quruq iliq kelishi, mart oyining birinchi o‘n kunligida esa ser-yog‘in havo haroratining past kelishi oqibatida g‘alla maydonlaridagi begona o‘tlar, kasalliklar va zararkunandalarning avj olishiga va rivojlanishiga qulay sharoit yaratadi.
G‘allani oziqlantirish, sug‘orish hamda begona o‘tlarga, kasalliklarga va zararkunandalarga qarshi kurash choralari har yilgiga nisbatan 5-10 kun kechikib amalga oshirilmoqda. G‘allachilikda aprel oyi g‘alla hosilining taqdirini belgilaydigan muhim oylardan biri hisoblanadi. Boshoqli don ekinlaridan yuqori hosil olish uchun bu davrda zarur bo‘lgan muhim agrotexnik chora-tadbirlarni, begona o‘tlarga, kasalliklarga va zararkunandalarga qarshi kurashni o‘z vaqtida, sifatli amalga oshirish yuqori don hosili olishni ta’minlaydi.
MATERIALLAR VA USULLAR
Tadqiqotlar g‘alla yetishtiriladigan sug‘oriladigan maydonlarda olib borildi. Tadqiqot obyekti sifatida kuzgi bug‘doy ekinlari olindi. Tajriba davomida bug‘doyning o‘sishi va rivojlanishi, ekinlarning zararkunandalar, kasalliklar hamda begona o‘tlar bilan zararlanish darajasi o‘rganildi. G‘alla maydonlarida agrotexnik tadbirlar, jumladan, mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish, sug‘orish va barg orqali oziqlantirish ishlari amalga oshirildi.
Zararkunanda hasharotlarga qarshi iqtisodiy zarar yetkazish mezonlari asosida ruxsat etilgan insektitsidlar, zamburug‘li kasalliklarga qarshi esa fungitsidlar qo‘llanildi. Preparatlarning belgilangan me’yorlari asosida ishchi eritmalar tayyorlanib, gektariga 250–300 litr miqdorda sarflandi. Tajriba davomida g‘alla maydonlarida doimiy kuzatuvlar olib borilib, o‘simliklarning zararlanish darajasi, o‘sish va rivojlanishi hamda hosildorlik ko‘rsatkichlari aniqlandi. Olingan natijalar qishloq xo‘jaligi ekinlarida dala tajribalarini o‘tkazish bo‘yicha umumqabul qilingan uslubiy yondashuvlar asosida tahlil qilindi.
NATIJALAR VA MUHOKAMA
Bundan tashqari aprel oyida g‘alla maydonlarini bahorgi oziqlantirish ishlarini g‘allaning rivojlanish holatiga ko‘ra, optimal muddatlarda ekilgan, rivojlanish naychalash davri bo‘lgan g‘alla maydonlariga fizik holda 250-300 kg dan, kech ekilgan rivoji past g‘alla maydonlariga azotli o‘g‘itlarni o‘zlashtirish holatiga qarab ikki martadan, bunda 1-nchi oziqlantirish gektariga 200-250 kg dan, 15-20 kun so‘ng 2-nchi oziqlantirish gektariga fizik holda 100-150 kg me’yorda tavsiya qilinadi.
Hozirda tashkil etilgan g‘allachilik klasterlari va dehqon-fermer xo‘jaliklariga shuni ta’kidlash joizki, azotli mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirilgan maydonlarda hududlarning tuproq va iqlim sharoitini hisobga olib g‘alla maydonlarini 600-700 m³ me’yorda sug‘orishni sifatli o‘tkazish, gektariga 5 tonna mahalliy chirigan o‘g‘it hisobida sug‘orishni sharbat usulida amalga oshirilishi berilgan mineral o‘g‘itlarning o‘z samarasini yanada oshiradi.
Bug‘doy naychalash fazasida namlik va oziq moddalar yetishmasligi hosildorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ushbu holatga ko‘ra, aprel oyida g‘alla maydonlarida namlikni cheklangan dala nam sig‘imiga (ChDNS) nisbatan 70-75 foiz bo‘lishini ta’minlash hamda azotli o‘g‘itlarning yillik me’yorini 40-50 foizini fizik holda 250-300 kg dan qo‘llash muhimdir.
Barg orqali suspenziyali ishlov o‘tkazilganda ayniqsa rivoji past kech ekilgan g‘alla maydonlarida g‘allaning rivoji tezlashadi va mahsuldor poyalarning shakllanishiga hamda hosildorlikning ortishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. G‘allaga suspenziya bilan ishlov berilganda gektariga 15-20 kg dan karbamidni 300 litr ishchi eritma bilan 1-2 marta ishlov berish yoki o‘simliklarni o‘sish rivojlanishini jadalashtiruvchi tarkibida gumin kislotalari bo‘lgan biopreparatlar bilan barg orqali oziqlantirish tavsiya qilinadi.
Aprel oyida boshoqli don ekinlarini shilliqqurt, zararli xasva, bug‘doy tripsi, g‘alla shirasi, g‘alla arrakashi zararkunanda hasharotlari zararlaydi. Ushbu zararkunandalarga qarshi, iqtisodiy zarari me’yoridan ortiq bo‘lsa, ruxsat etilgan insektitsidlardan Karate 5% li e.k.-0,15 l/ga, Karbofos 50% em.k.-1,5-2,0 l/ga, Detsis 2,5% li em.k.-0,25 l/ga, Buldok 2.5% em.k.-0,5 l/ga, Faskord 0,15 l/ga, Tsipermetrin 0,2 l/ga preparatlari bilan gektariga 250-300 litr ishchi eritma tayyorlab ishlov o‘tkazish lozim.
Joriy yilning ser-yog‘in, namlikning yuqori bo‘lishi g‘alla maydonlarida zamburug‘li kasalliklardan sariq, qo‘ng‘ir zang, septarioz, un-shudring va fuzarioz epidemiyasi kuchli rivojlanishi, atrofga keng tarqalishi oqibatida g‘alla maydonlaridan 25-30 foizgacha don sifati va hosildorlikning kamayishiga olib keladi. G‘alla maydonlaridagi zamburug‘li kasalliklarni oldini olish va qarshi kurash uchun Folikur BT 0.3-0.5 l/ga, Kolasal 0.3-0.5 l/ga, Folkon 0.3-0.5 l/ga, Impakt 0.3-0.5 l/ga, Alto-super 33 foizli e.k. 0.3 l/ga, Titul Duo gektariga 0,2 litr, Entolikur gektariga 0,3-0,5 litr me’yorda gektariga 250-300 litr ishchi eritma tayyorlab kimyoviy qarshi kurash o‘tkazish tavsiya etiladi.
XULOSA
Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, g‘alla yetishtiruvchi fermerlarimizga g‘alla maydonlarining kasalliklar, begona o‘tlar va zararkunandalardan zararlanishini inobatga olib, doimiy dala kuzatuvlarini kuchaytirishi va ularga qarshi kurash choralarini o‘z vaqtidan kechiktirmasdan amalga oshirish tavsiya qilinadi.
ADABIYOTLAR
- Rajabov B., Tulepov S., Po‘latov Z., Bekchanov Z., Urazboyev A., Suyarov M. Maysa parvarishidagi dolzarb vazifalar // O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi jurnalining ilmiy ilovasi. – Toshkent, 2010. – №3. – B. 5.
- Siddiqov R. G‘allakorning dolzarb yumushlari // O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi jurnalining ilmiy ilovasi. – Toshkent, 2016. – №4. – B. 8.
- Siddiqov R.I., Egamov I.U., Mansurov A.M. O‘zbekiston Respublikasida ekishga tavsiya etilgan hamda istiqbolli kuzgi bug‘doy navlarini tavsifi va ularning yetishtirish agrotexnologiyasi bo‘yicha «Tavsiyanoma». – Andijon, 2014. – B. 61.