UO‘K: 631.11:332.3:528.8

QISHLOQ XO‘JALIGIGA MO‘LJALLANGAN YERLAR MONITORINGINI YURITISHNING HUQUQIY VA ILMIY-AMALIY ASOSLARI

Toxirov Kozim Najim o‘g‘li iD

“O‘zdavyerloyiha” davlat ilmiy-loyihalash instituti “Doktorantura” bo‘limi boshlig‘i q.x.f.f.d.

Annotatsiya: Mazkur maqolada O‘zbekiston Respublikasida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar monitoringini tashkil etishning huquqiy asoslari, ilmiy-uslubiy yondashuvlari hamda amaliy ahamiyati yoritilgan. Yer monitoringining mazmuni, vazifalari va tamoyillari tahlil qilinib, yer resurslaridan oqilona foydalanish, ularning holatini muntazam kuzatish, degradatsiya jarayonlarini aniqlash va oldini olishdagi o‘rni ochib berilgan. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi yerlari, jumladan, yaylov va pichanzorlar monitoringi hamda geobotanik tadqiqotlarning ahamiyati, ularni yuritishning me'yoriy-huquqiy asoslari va zamonaviy monitoring usullaridan foydalanish istiqbollari bayon etilgan.

Kalit so‘zlar: yer monitoringi, qishloq xo‘jaligi yerlari, yer resurslari, yer degradatsiyasi, geobotanik tadqiqotlar, davlat yer kadastri, yer fondi, yaylovlar, masofadan zondlash, GIS texnologiyalari.

Аннотация. В статье освещены правовые основы, научно-методические подходы и практическое значение организации мониторинга земель сельскохозяйственного назначения в Республике Узбекистан. Проанализированы содержание, задачи и принципы мониторинга земель, раскрыта его роль в рациональном использовании земельных ресурсов, систематическом наблюдении за их состоянием, выявлении и предупреждении процессов деградации. Также рассмотрены значение мониторинга сельскохозяйственных земель, в том числе пастбищ и сенокосов, роль геоботанических исследований, нормативно-правовые основы их проведения и перспективы использования современных методов мониторинга.

Ключевые слова: мониторинг земель, земли сельскохозяйственного назначения, земельные ресурсы, деградация земель, геоботанические исследования, государственный земельный кадастр, земельный фонд, пастбища, дистанционное зондирование, ГИС-технологии.

Abstract. This article examines the legal foundations, scientific and methodological approaches, and practical significance of organizing the monitoring of agricultural land in the Republic of Uzbekistan. The content, objectives, and principles of land monitoring are analyzed, and its role in the rational use of land resources, systematic observation of land conditions, identification, and prevention of degradation processes is highlighted. The article also discusses the importance of monitoring agricultural land, including pastures and hayfields, the role of geobotanical research, the regulatory and legal framework for conducting such studies, and the prospects for applying modern monitoring methods.

Keywords: land monitoring, agricultural land, land resources, land degradation, geobotanical research, state land cadastre, land fund, pastures, remote sensing, GIS technologies.

Kirish: Yer resurslari mamlakat iqtisodiyoti, oziq-ovqat xavfsizligi hamda ekologik barqarorlikni ta'minlovchi asosiy tabiiy boyliklardan biri hisoblanadi. Ayniqsa, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar aholining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirishda asosiy ishlab chiqarish vositasi sifatida muhim ahamiyat kasb etadi. Shu sababli mazkur yerlardan oqilona foydalanish, ularning sifat va unumdorlik holatini muntazam nazorat qilish hamda salbiy jarayonlarning oldini olish bugungi kunda dolzarb masalalardan biri hisoblanadi.

Yer qishloq xo‘jaligida asosiy ishlab chiqarish vositasi sifatida qaraladi. U boshqa ishlab chiqarish jarayonlaridan bir qancha muhim xususiyatlari bilan farq qiladi. Avvalo, yer boshqa tabiiy boyliklar kabi inson mehnati bilan yaratilmagan bo‘lib, u mustaqil ravishda mavjud. Inson mehnati yerga faqat yaxshilash maqsadida qo‘llaniladi. Shuningdek, yer tabiatan fazoda cheklangan resurs hisoblanadi.

R.A.Turayev ta’kidlashicha, monitoring tushunchasi «kuzatish» ma’nosini anglatsa-da, uni yer tuzish va yer kadastri sohasiga tatbiq etilganda o‘ziga xos mazmun kasb etadi. Jumladan, yer monitoringi – yer tarkibida yuz berayotgan o‘zgarishlarni o‘z vaqtida qayd etish, ularni baholash, salbiy jarayonlarning oldini olish hamda oqibatlarini bartaraf etishga xizmat qiluvchi kuzatuv tizimidir. Ushbu tizimning asosiy vazifasi – atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik xavfsizlikni ta’minlash va boshqaruv faoliyatini zarur axborot bilan ta’minlashdan iborat. Ayni paytda, respublikamizda bozor iqtisodiyoti sharoitida yer resurslaridan samarali foydalanish, hosildorlikni oshirish va mahsulot hajmini ko‘paytirishda yer monitoringini yo‘lga qo‘yish dolzarb ahamiyatga ega [5].

Yer monitoringini amalga oshirishda axborot ta’minotining nazariy va uslubiy jihatlari V.A.Malinnikov tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, bunda tanlangan ma’lum bir ob’ektlarni o‘rganishda ularning fazoviy hamda spektral-aks ettiruvchi xususiyatlarini keng qamrovda tahlil qilish va umumlashtirish asosida videotasvirlarni mavzuga oid qayta ishlash maqsadga muvofiq ekanligi ilgari surilgan [6].

Qishloq xo‘jaligi yerlar monitoringi-bu yer resurslarining holati, ulardan foydalanish darajasi va unumdorlik ko‘rsatkichlarini muntazam ravishda kuzatib borish, baholash va tahlil qilish jarayonidir. Ushbu monitoring orqali yerning degradatsiyasi, sho‘rlanishi, yerdan oqilona foydalanish holati hamda ekin maydonlarining o‘zgarishi aniqlanadi va tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqiladi. Bu jarayon qishloq xo‘jaligi sektorida barqaror rivojlanishni taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Tadqiqotning maqsadi O‘zbekiston Respublikasida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar monitoringini yuritishning huquqiy va ilmiy-amaliy asoslarini tahlil qilish, yaylov yer maydonlarining 2015–2025-yillardagi o‘zgarish dinamikasini baholash hamda monitoring tizimini zamonaviy geoinformatsion va masofadan zondlash texnologiyalari asosida takomillashtirish bo‘yicha ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.

Tadqiqot uslubi. Tadqiqotda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar monitoringini tashkil etishning huquqiy, ilmiy-uslubiy va amaliy asoslarini o‘rganishga qaratilgan tizimli yondashuvdan foydalanildi. Tadqiqotning axborot bazasini O‘zbekiston Respublikasining yer munosabatlari, yer monitoringi, yaylovlardan foydalanish va geobotanik tadqiqotlarni tashkil etishga oid normativ-huquqiy hujjatlari, mavzuga doir ilmiy adabiyotlar hamda respublika yaylov yer maydonlarining 2015–2025-yillardagi ko‘rsatkichlari tashkil etdi.

Tadqiqot jarayonida normativ-huquqiy hujjatlarni tahlil qilish, ilmiy manbalarni umumlashtirish, qiyosiy tahlil, statistik guruhlash, dinamik qatorlarni o‘rganish, grafik tasvirlash hamda mantiqiy tahlil usullaridan foydalanildi.

Respublika yaylov yer maydonlarining yillar davomida o‘zgarishini baholashda 2015 va 2025-yillar ko‘rsatkichlari o‘zaro taqqoslandi. Yaylov maydonlaridagi hududiy o‘zgarishlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar kesimida tahlil qilinib, maydonlarning oshishi yoki kamayishiga ta’sir etuvchi tabiiy-ekologik, tashkiliy va xo‘jalik omillari umumlashtirildi.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi yerlari holatini kuzatish va baholashda an’anaviy geobotanik tadqiqotlar bilan bir qatorda masofadan zondlash, geografik axborot tizimlari va raqamli xaritalash texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatlari ilmiy-uslubiy jihatdan tahlil qilindi.

Natijalar va munozara. O‘zbekiston Respublikasida yer monitoringi tushunchasi birinchi bor rasmiy ravishda 1998-yil 30-aprelda qabul qilingan “Yer kodeksi”ning 14-moddasida huquqiy jihatdan mustahkamlangan. Unga ko‘ra, yer monitoringi-yer fondi holati, undan foydalanish va muhofaza qilish bo‘yicha kuzatuv, baholash hamda tahlil ishlari majmuasini o‘z ichiga oladi. Bu yer resurslarini samarali boshqarish va barqaror rivojlanishni taʼminlashda muhim vosita hisoblanadi [2].

Yer monitoringini o‘tkazish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 23-dekabrdagi “O‘zbekiston respublikasida yer monitoringi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida”gi 496-son qarori bilan respublikadagi yer fondidagi o‘zgarishlarni o‘z vaqtida aniqlash uchun uning holatini kuzatib borish, yerlarga baho berish, salbiy jarayonlarning oldini olish va oqibatlarini tugatish, davlat yer kadastri yuritilishini, yerdan foydalanishni, yer tuzishni, yer fondidan belgilangan maqsadda va oqilona foydalanish, yerlarni muhofaza qilish ustidan davlat nazorati amalga oshirilishini axborot bilan taʼminlash maqsadida “Yer monitoringi to‘g‘risida nizom” tasdiqlangan. Monitoring jarayoni yerlardan foydalanish maqsadini inobatga olgan holda tashkil etiladi hamda yer fondining toifalariga mos ravishda quyidagi yo‘nalishlarga ajratiladi.

Yer fondi holati o‘zgarishlarini o‘z vaqtida aniqlash ustidan kuzatishlar tizimini tashkil etish va amalga oshirish, ularni baholash, salbiy jarayonlarni prognozlash hamda ularning oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish hamda davlat yer kadastri yuritilishini, yerdan foydalanishni, yer tuzishni, yer fondidan maqsadli va oqilona foydalanish, yerlarni muhofaza qilish va yer resurslarini davlat tomonidan boshqarishga doir boshqa funksiyalar ustidan davlat nazoratini axborot bilan taʼminlash O‘zbekiston Respublikasi yer monitoringining asosiy vazifalari hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 20-maydagi “Yaylovlar to‘g‘risida” gi 538-son Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
2018-yil 23-apreldagi “Maʼmuriy-hududiy birliklar chegaralarini belgilash, yer resurslarini xatlovdan o‘tkazish hamda yaylov va pichanzorlarda geobotanik tadqiqotlarni o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi 299-son hamda 2019-yil 19-avgustdagi “Yaylovlarda chorva mollarini o‘tlatishda eng ko‘p yo‘l qo‘yiladigan foydalanish normalarini belgilash, yaylovlar almashinishini taʼminlash va yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 689-son qarorlari talablari asosida bugungi kunda yaylov maydonlarida geobotanik kuzatuv ishlari amalga oshirib kelinmoqda.

Qishloq xo‘jaligi yerlarida monitoring o‘tkazish tadbirlari quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi (1-rasm).

1-rasm. Qishloq xo‘jaligi yerlarida monitoring o‘tkazish tadbirlari.

Monitoring jarayoni dastlabki ma’lumotlarni yig‘ish, kuzatuvlarni tashkil etish, olingan ko‘rsatkichlarni tahlil qilish, yer holatini baholash, salbiy jarayonlarni prognozlash va tegishli tavsiyalar ishlab chiqish bosqichlarini qamrab oladi. Mazkur bosqichlarning izchil amalga oshirilishi yerlarning miqdoriy va sifat holatidagi o‘zgarishlarni o‘z vaqtida aniqlash imkonini beradi.

Mavjud 21 mln. gektar yaylov va pichanzorlardan samarali foydalanish, o‘simliklarning turi va sonini ko‘paytirish, chorva mollarini tartibli almashlab boqishni yo‘lga qo‘yish, yaylov va pichanzorlar degradatsiyasining oldini olish maqsadida geobotanik tadqiqotlarni o‘tkazish yuzasidan tadbirlar umuman nazoratdan chetda qolib ketgan. Natijada so‘nggi 25-30 yilda yaylov va pichanzorlarning 35-40 foizi degradatsiyaga uchragan, o‘simliklar turi va soni 20 foizga kamayib, hosildorlik 1,5-2 barobarga tushib ketgan [4].

Respublikada mavjud yaylovlarda kuzatilayotgan o‘zgarishlarni monitoring qilish, mavjud o‘simliklar turlarini yig‘ish, degradatsiyaga uchragan yerlarni aniqlash, maʼlumotlarini to‘plash, olingan natijalar asosida taklif va tavsiyalar ishlab chiqish ishlari amalga oshiriladi. “Yaylovlarda olib borilgan geobotanik tadqiqotlar materiallaridan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlarining normativ qiymatini aniqlashda, farmasevtika sanoatida shifobaxsh o‘simliklarning tarqalishini aniqlashda, davlat kadastrlari yagona tizimini yuritishda, yer tuzish loyihalarini ishlab chiqishda, yaylov o‘simliklarining ozuqaboplik xususiyatlarini baholashda, yaylovlarda chorva mollarini almashlab boqishni tashkil etishda, yaylovlardan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqishda foydalaniladi. Respublikada mavjud yaylov yer maydonlarining yillar kesimidagi o‘zgarish dinamikasi 2-rasmda vizual ko‘rinishda taqdim etilgan.

2-rasm. Respublikada mavjud yaylov yer maydonlarining yillar kesimidagi o‘zgarish dinamikasi.

O‘rganishlar natijasida respublika bo‘yicha 2015-2025-yillar vaqt oralig‘ida yaylov yerlar maydoni 138,6 ming gektarga oshganligi aniqlandi. Xususan Buxoro viloyatida 18 700 gektar, Jizzax viloyatida 38 400 gektar, Navoiy viloyatida
7 400 gektar, Toshkent viloyati 5 ming 200 gektarga oshganligi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo, Farg‘ona, Xorazm viloyatlarida mos ravishda yaylov yer maydonlari kamayish holatlari aniqlandi.

Yaylov yerlar maydonlarining oshishini degradatsiyaga uchragan yaylov yerlarni tiklash, kam unumdor dehqonchilik yerlarining yaylovga yer turlariga o‘tkazilishi, yo‘qlama natijalari asosida ilgari hisobga olinmagan yaylovlar to‘liq aniqlanib ro‘yxatga olinishi, chorvachilik yo‘nalishini yanada qo‘llab-quvvatlash uchun yaylov yerlari hajmini ham mutanosib tarzda oshirilishi bilan, kamayishini esa yaylov yer maydonlari hisobidan aholi uchun turar-joy, yo‘l va sanoat hududlari ajratilishi, suv tanqisligi va iqlim o‘zgarishi sababli degradatsiya jarayonlarining kechishi, noqonuniy yer ajratish holatlari bilan izohlash mumkin.

Xulosa va ilmiy amaliy tavsiyalar: Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar monitoringi yer resurslaridan oqilona foydalanish, ularning ekologik holatini baholash va salbiy jarayonlarni o‘z vaqtida aniqlashda muhim boshqaruv vositasi hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasida yer monitoringini yuritishning huquqiy asoslari shakllantirilgan bo‘lib, Yer kodeksi hamda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari monitoring tizimini tashkil etish va rivojlantirishning me’yoriy negizini yaratgan. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, qishloq xo‘jaligi yerlarida, ayniqsa yaylov va pichanzorlarda degradatsiya, sho‘rlanish hamda unumdorlikning pasayishi kabi salbiy jarayonlar kuzatilmoqda. Shu sababli monitoring ishlarini zamonaviy geoinformatsion tizimlar (GIS), masofadan zondlash va sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari asosida muntazam olib borish yer resurslarini samarali boshqarish hamda qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirishning muhim omillaridan biri hisoblanadi.

Qishloq xo‘jaligi yerlarining monitoring tizimini takomillashtirish maqsadida masofadan zondlash, GIS texnologiyalari va raqamli xaritalash usullarini amaliyotga keng joriy etish, monitoring natijalarini yagona elektron ma’lumotlar bazasida jamlash hamda davlat yer kadastri axborot tizimi bilan integratsiyalash maqsadga muvofiqdir. Shuningdek, degradatsiyaga uchragan yerlarni aniqlash, ularning unumdorligini tiklash bo‘yicha ilmiy asoslangan chora-tadbirlarni ishlab chiqish, yaylovlarda geobotanik kuzatuvlarni muntazam tashkil etish hamda monitoring natijalaridan yer tuzish loyihalarini ishlab chiqish, yer resurslarini boshqarish va qishloq xo‘jaligini rejalashtirish jarayonlarida keng foydalanish tavsiya etiladi. Bu esa yer resurslaridan samarali foydalanish, ekologik barqarorlikni ta’minlash va mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Foydalanilgan adabiyotlar:

  1. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. 2023 y.
  2. O‘zbekiston Respublikasi Yer Kodeksi. 1998 y. -B. 208.
  3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil
    23-dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasida yer monitoringi to‘g‘risida Nizomni tasdiqlash haqida»gi 496-son qarori.
  4. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 23-apreldagi “Ma’muriy hududiy birliklar chegarasini belgilash, yer resurslarini xatlovdan o‘tkazish hamda yaylov va pichanzorlarda geobotanik tadqiqotlarni o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirish” to‘g‘risidagi 299-son qarori.
  5. Turayev R.A. Yer monitoringi/O‘quv qo‘llanma.-Toshkent, 2022.
  6. Малинников В.А Теория и методы информационного обеспечения мониторинга земель: - Moskva, 1999. - C. 150.
  7. Раҳмонов Қ.Р. Ер мониторинги / Ўқув қўлланма. - Тошкент, 2008.
    - B. 155.