UO‘K: 349.41:332.3:004

QISHLOQ XOʻJALIGI YERLARINI MUHOFAZA QILISH VA NOQONUNIY EGALLASHNING OLDINI OLISH: MUAMMOLAR, HUQUQIY ASOSLAR VA RAQAMLI YECHIMLAR

Umrzoqov Sherniyoz Abdimurodovich iD

Qashqadaryo viloyati prokuraturasi 32-boʻlim boshligʻi

Annotatsiya. Maqolada Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligi yerlaridan oqilona foydalanish, sugʻoriladigan yerlarni muhofaza qilish hamda yer maydonlarini oʻzboshimchalik bilan egallab olish holatlarining oldini olish masalalari tahlil qilingan. Yer resurslarining oziq-ovqat xavfsizligidagi oʻrni, yer hisobi va monitoringini yuritishdagi institutsional muammolar, huquqiy javobgarlik mexanizmlari hamda raqamli kadastr va geoaxborot tizimlarini joriy etish zarurati asoslab berilgan.

Kalit soʻzlar: yer resurslari, sugʻoriladigan yerlar, yer monitoringi, yer hisobi, oʻzboshimchalik bilan egallash, qishloq xoʻjaligi, raqamli kadastr, geoaxborot tizimi, oziq-ovqat xavfsizligi.

Annotatsiya. V statye analiziruyutsya voprosi ratsionalnogo ispolzovaniya selskoxozyaystvennix zemel, oxrani oroshayemix zemel i preduprejdeniya samovolnogo zanyatiya zemelnix uchastkov v Uzbekistane. Obosnovana rol zemelnix resursov v obespechenii prodovolstvennoy bezopasnosti, rassmotreni institutsionalnie problemi vedeniya zemelnogo ucheta i monitoringa, mexanizmi yuridicheskoy otvetstvennosti, a takje neobxodimost vnedreniya sifrovix kadastrovix i geoinformatsionnix sistem.

Ключевые слова: земельные ресурсы, орошаемые земли, земельный мониторинг, земельный учет, самовольное занятие, сельское хозяйство, цифровой кадастр, геоинформационная система, продовольственная безопасность.

Abstract. The article examines the rational use of agricultural land, protection of irrigated land, and prevention of unauthorized occupation of land plots in Uzbekistan. It substantiates the role of land resources in food security, discusses institutional challenges in land accounting and monitoring, legal liability mechanisms, and the need to introduce digital cadastral and geoinformation systems.

Keywords: land resources, irrigated land, land monitoring, land accounting, unauthorized occupation, agriculture, digital cadastre, GIS, food security.

Kirish. Yer va tuproq resurslari mamlakatning strategik tabiiy boyliklaridan biri hisoblanadi. Ayniqsa, sugʻoriladigan qishloq xoʻjaligi yerlari oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, aholi bandligi va hududlarning iqtisodiy barqarorligini saqlashda muhim oʻrin tutadi. Shu bois yerdan oqilona foydalanish, uning unumdorligini asrab-avaylash va kelajak avlodlarga yuqori mahsuldor holatda yetkazish davlat siyosatida ustuvor ahamiyat kasb etadi.

Qishloq xoʻjaligi yerlaridan samarali foydalanish har bir hududning tuproq-iqlim sharoiti, suv taʼminoti, meliorativ holati va ishlab chiqarish ixtisoslashuvi bilan bevosita bogʻliq. Shu sababli ekinlarni ilmiy asosda joylashtirish, almashlab ekish tizimini yoʻlga qoʻyish, yer monitoringini uzluksiz olib borish va yer hisobini aniq yuritish orqali yer resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish mumkin.

Soʻnggi yillarda yer munosabatlarini tartibga solish va yerdan foydalanish ustidan davlat nazoratini kuchaytirish boʻyicha muhim huquqiy va tashkiliy choralar koʻrilmoqda. Jumladan, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar va ekin maydonlarida monitoring ishlarini amalga oshirish tartibi, yerdan oqilona foydalanish mezonlari hamda yer toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik mexanizmlari takomillashtirilmoqda [1; 4; 5].

Shu bilan birga, joylarda ayrim hollarda sugʻoriladigan yerlarni oʻzboshimchalik bilan egallab olish, ajratilgan yer maydonlaridan maqsadsiz foydalanish, noqonuniy bino-inshootlar qurish va yer hisobini yuritishda maʼlumotlar bir xilligining taʼminlanmasligi kabi muammolar saqlanib qolmoqda. Mazkur holatlar yer resurslarining iqtisodiy qiymati pasayishiga, tuproq unumdorligiga zarar yetishiga, investitsiya muhiti va qonun ustuvorligiga salbiy taʼsir koʻrsatadi.

Tadqiqotning maqsadi va vazifalari. Maqolaning maqsadi qishloq xoʻjaligi yerlarini muhofaza qilish va yer maydonlarini noqonuniy egallash holatlarining oldini olish boʻyicha mavjud muammolarni ilmiy-amaliy jihatdan tahlil qilish hamda raqamli boshqaruv mexanizmlariga asoslangan takliflarni ishlab chiqishdan iborat.

Ushbu maqsaddan kelib chiqib, tadqiqotda quyidagi vazifalar belgilandi: qishloq xoʻjaligi yerlarining strategik ahamiyatini ochib berish; yer hisobini yuritish va monitoringdagi institutsional muammolarni tahlil qilish; oʻzboshimchalik bilan egallash holatlarining sabab va oqibatlarini oʻrganish; amaldagi huquqiy asoslarni umumlashtirish; yer resurslarini raqamli boshqarish boʻyicha takliflar ishlab chiqish.

Yer resurslari qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishining asosiy vositasi boʻlib, uning sifati va huquqiy muhofazasi hosildorlik, suv resurslaridan samarali foydalanish, fermer xoʻjaliklari barqarorligi va aholi turmush darajasiga bevosita taʼsir qiladi. Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlardan oqilona foydalanish deganda yer maydonlarida tuproq unumdorligining pasayishi va meliorativ holatning yomonlashishiga yoʻl qoʻymaslik, shuningdek, mahsuldorlikning zarur koʻrsatkichlariga erishishga qaratilgan faoliyat tushuniladi [4].

Amalda yerdan foydalanish samaradorligi faqat agrotexnik tadbirlarga emas, balki yer huquqlarining aniqligi, hisob va monitoring tizimining ishonchliligi, masʼul tashkilotlar oʻrtasidagi axborot almashinuvi hamda jamoatchilik nazorati bilan ham belgilanadi. Shu jihatdan yer resurslarini boshqarishda zamonaviy raqamli texnologiyalardan foydalanish obyektiv zaruratga aylanmoqda.

1-jadval. Yerdan foydalanishda uchrayotgan asosiy muammolar va yechimlar

Muammo

Asosiy sabab

Taklif etilayotgan yechim

Yer hisobida maʼlumotlar turlicha yuritilishi

Soliq, kadastr va qishloq xoʻjaligi maʼlumotlarining integratsiya qilinmaganligi

Yagona elektron yer balansi va idoralararo maʼlumot almashinuvini joriy etish

Sugʻoriladigan yerlarda noqonuniy qurilishlar

Joylarda muntazam nazorat va tezkor aniqlash mexanizmining yetarli emasligi

Masofadan zondlash, konturlar kesimida risk-tahlil va tezkor monitoring

Shaxsiy tomorqa va dehqon xoʻjaligi yerlarini farqlashda noaniqlik

Huquqiy maqom, soliqqa tortish va amaldagi foydalanish oʻrtasida moslikning taʼminlanmaganligi

Yer maqomini kadastr, soliq va mahalla maʼlumotlari asosida qayta inventarizatsiya qilish

Yer ajratish jarayonlarida inson omili

Bosqichlarning murakkabligi va maʼlumotlarning yetarli ochiq emasligi

Elektron auksion, raqamli rozilik, ochiq xarita va avtomatlashtirilgan tekshiruvlar

Tahlillar yer maydonlarini oʻzboshimchalik bilan egallash holatlari koʻp omilli muammo ekanligini koʻrsatadi.

Birinchi omil — joylarda yer nazorati tizimining ayrim davrlarda yetarlicha kuchli boʻlmaganligi. Xususan, shirkat xoʻjaliklari tugatilganidan keyingi yillarda yer tuzish boʻlinmalari shtatlarining qisqarishi yer maydonlarida muntazam monitoring oʻtkazish imkoniyatlarini cheklagan. Natijada yillar davomida shakllangan ayrim noqonuniy egallash holatlari oʻz vaqtida aniqlanmagan.

Ikkinchi omil — yer qonunchiligini buzganlik uchun javobgarlik choralarining oldingi davrlarda yetarlicha taʼsirchan boʻlmaganligi. Keyingi islohotlar natijasida sugʻoriladigan yerlarni oʻzboshimchalik bilan egallab olishga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha chora koʻrmagan yer egasi, yerdan foydalanuvchi yoki ijarachiga nisbatan jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan [2]. Bu esa yerdan foydalanuvchilarning huquqiy masʼuliyatini oshirishga xizmat qiladi.

Uchinchi omil — yer ajratish jarayonlarida shaffoflik va maʼlumotlar ochiqligining yetarli darajada taʼminlanmagani. Yer ajratish yoki yerdan foydalanish huquqini rasmiylashtirish bosqichlari murakkab va turli idoralar maʼlumotlariga bogʻliq boʻlganda, inson omili kuchayadi. Bu esa korrupsiya xavfini oshirishi, noqonuniy kelishuvlar va maqsadsiz foydalanish holatlariga sharoit yaratishi mumkin.

Toʻrtinchi omil — yer hisobi turli idoralar kesimida bir xil yuritilmasligi. Soliq, kadastr va qishloq xoʻjaligi organlari maʼlumotlarining oʻzaro mos kelmasligi yer maydonlarining haqiqiy toifasi, foydalanuvchisi, maydoni va soliqqa tortilish maqomi boʻyicha noaniqliklar keltirib chiqaradi. Ayniqsa, shaxsiy tomorqa, yakka tartibdagi uy-joyga tegishli yer va dehqon xoʻjaligi yerlarining amaliy farqini aniq belgilash muhim hisoblanadi.

Qarshi tumani “Chaman” mahalla fuqarolar yigʻini hududida “issiqxona” qurish maqsadida 49,7 ball bonitetli 2,5 gektar sugʻoriladigan yer maydoni ajratilganligi, biroq mazkur yer maydonida ruxsat beruvchi hujjatlarsiz bino-inshoot qurish holati aniqlangani amaliyotda yerdan maqsadli foydalanish va nazorat masalasi qanchalik dolzarb ekanini koʻrsatadi.

Bu kabi holatlarning xavfli tomoni shundaki, sugʻoriladigan yerlar qisqa muddatli xususiy manfaatlar taʼsirida qishloq xoʻjaligi aylanmasidan chiqib ketishi mumkin. Yer maydonida noqonuniy qurilish amalga oshirilishi tuproq qatlamining buzilishi, irrigatsiya tarmoqlariga zarar yetishi, kelgusida yerni qayta tiklash xarajatlarining oshishi va mahalliy oziq-ovqat taʼminotiga salbiy taʼsir koʻrsatishi ehtimolini kuchaytiradi.

Oliy sud Plenumining yer toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish bilan bogʻliq jinoyat ishlari boʻyicha tushuntirishlarida yer uchastkasini oʻzboshimchalik bilan egallab olish qonunchilikda belgilangan tartibda ajratilmagan yoki huquqni tasdiqlovchi hujjatlarsiz foydalanish sifatida izohlangan. Sugʻoriladigan yerlarda qurilish ishlarini amalga oshirish bilan bogʻliq oʻzboshimchalik holatlari esa alohida huquqiy baholanishi zarur [5]. Raqamli monitoring va yagona yer hisobi zarurati. Yer resurslarini samarali boshqarish uchun qishloq xoʻjaligi korxonalari, fermer va dehqon xoʻjaliklari, tomorqa yerlari, suv osti, yoʻl osti va vaqtincha foydalanilmayotgan yer maydonlarini yagona raqamli tizimda aniq aks ettirish lozim. Bunda har bir yer konturi boʻyicha maydon, yer toifasi, foydalanuvchi, huquq turi, tuproq sifati, sugʻorish manbai, soliq maqomi va amaldagi foydalanish holati elektron pasportda koʻrsatilishi maqsadga muvofiq.

Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-yanvardagi 22-son qarori bilan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar va ekin maydonlarida monitoring ishlarini amalga oshirish tartibi belgilangan. Unda monitoringni milliy geografik axborot tizimidagi davlat yer kadastri maʼlumotlari asosida amalga oshirish, shuningdek, davriy, joriy va tezkor monitoring mexanizmlaridan foydalanish nazarda tutilgan [1].

Shuningdek, 2024-yil 30-dekabrdagi 914-son qarori bilan tasdiqlangan tartibda qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlardan oqilona foydalanish holatini baholash, almashlab ekish rejalari va yaylovlardan foydalanish mezonlari belgilab berilgan [4]. Ushbu normalarni amaliyotda samarali ishlatish uchun monitoring natijalari “E-ijara”, kadastr, soliq va mahalla axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishi zarur.

Takliflar

1. Yagona elektron yer balansi tizimini joriy etish. Barcha qishloq xoʻjaligi yerlari konturlar kesimida kadastr, soliq, qishloq xoʻjaligi va mahalla maʼlumotlari bilan solishtirilgan holda yagona bazada yuritilishi lozim.

2. Masofadan zondlash va geoaxborot texnologiyalaridan foydalanishni kuchaytirish. Sputnik suratlari, dron monitoringi va raqamli xaritalar orqali noqonuniy qurilish, ekin joylashuvi va yerdan maqsadsiz foydalanish holatlarini tezkor aniqlash mumkin.

3. Risk-tahlilga asoslangan nazoratni yoʻlga qoʻyish. Sugʻoriladigan yerlar, aholi punktlariga yaqin konturlar, yuqori bonitetli maydonlar va yer ajratish tarixi murakkab boʻlgan hududlar ustuvor monitoring obyekti sifatida belgilanishi kerak.

4. Shaxsiy tomorqa va dehqon xoʻjaligi yerlari maqomini aniqlashtirish. Foydalanilayotgan yer maydonining haqiqiy maqomi, soliqqa tortilish turi va kadastr maʼlumotlari oʻzaro moslashtirilishi zarur.

5. Yerdan foydalanuvchilarning huquqiy madaniyatini oshirish. Fermer, dehqon xoʻjaligi rahbarlari, mahalla masʼullari uchun yer qonunchiligi, javobgarlik choralari va elektron xizmatlar boʻyicha doimiy oʻquvlar tashkil etish maqsadga muvofiq.

6. Idoralararo javobgarlik va maʼlumot almashinuvini kuchaytirish. Kadastr, qishloq xoʻjaligi, soliq, prokuratura va mahalliy hokimliklar oʻrtasida aniq reglament asosida axborot almashinuvi yoʻlga qoʻyilishi lozim.

7. Jamoatchilik nazoratini oshirish. Ochiq elektron xaritalarda yer toifasi, ijara huquqi, foydalanish maqsadi va noqonuniy holatlarni bildirish imkoniyatini yaratish yer munosabatlarida shaffoflikni kuchaytiradi.

Xulosa

Qishloq xoʻjaligi yerlarini muhofaza qilish, sugʻoriladigan yerlardan maqsadli va samarali foydalanish hamda oʻzboshimchalik bilan egallash holatlarining oldini olish mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligi va barqaror rivojlanishi uchun muhim shart hisoblanadi. Tahlillar shuni koʻrsatadiki, mavjud muammolar faqat huquqiy javobgarlik choralari bilan emas, balki aniq yer hisobi, raqamli monitoring, idoralararo integratsiya va joylarda tizimli profilaktika orqali hal etilishi mumkin.

Yer resurslari haqidagi maʼlumotlarning yagona elektron bazada yuritilishi, masofadan zondlash texnologiyalari orqali tezkor monitoring, risk-tahlilga asoslangan nazorat va jamoatchilik ishtirokining kuchaytirilishi noqonuniy egallash holatlarini qisqartirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, yerdan foydalanuvchilarning huquqiy madaniyatini oshirish va yer munosabatlarida shaffoflikni taʼminlash uzoq muddatli samaradorlikning asosiy omilidir.

Xulosa qilib aytganda, yer resurslarini asrab-avaylash faqat davlat organlarining vazifasi emas, balki har bir yerdan foydalanuvchi, mahalla va jamoatchilikning ham masʼuliyatidir. Yuqori unumdor yer maydonlarini kelajak avlodlarga saqlab qolish uchun huquqiy, tashkiliy va raqamli boshqaruv mexanizmlari bir butun tizim sifatida ishlashi zarur.

Foydalanilgan adabiyotlar

1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-yanvardagi 22-son qarori bilan tasdiqlangan “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar va ekin maydonlarida monitoring ishlarini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom. – Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi: lex.uz.

2. Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi. – Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi: lex.uz.

3. Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi. – Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi: lex.uz.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-dekabrdagi 914-son qarori bilan tasdiqlangan “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlardan oqilona foydalanish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom. – Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi: lex.uz.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 36-son “Yer toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish bilan bogʻliq jinoyat ishlari boʻyicha sud amaliyotining ayrim masalalari toʻgʻrisida”gi qarori. – Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi: lex.uz.

6. Qishloq xoʻjaligi yerlarini muhofaza qilish, yer hisobi va monitoringiga oid amaliy materiallar va tahliliy maʼlumotlar.