UO‘K:633.511:631.
MAQBUL CHILPISH MUDDATI MO‘L HOSIL GAROVI iD
Yusupov Hasan Rustamovich iD
q.x.f.f.d. Urganch davlat universiteti
e-mail: yusupovh637@gmail.com
Raximov Shuxrat Shoxzam o‘g‘li iD
b.f.f.d. Urganch davlat universiteti
e-mail: raximovshuxrat94@gmail.com
Annotatsiya: Ushbu maqolada Xorazm viloyati tuproq iqlim sharoitida ekilayotgan “Sulton”, “C-8294” g‘o‘za navlarning hosildorligi, o‘sish rivojlanishi, quruq massa to‘plashi, hosil elementlarining shakllanishi kabi ko‘rsatkichlariga ekish tizimi hamda chilpish muddatlarining ta’siri o‘rganiladi.
Kalit so‘zlar: Xorazm viloyati, g‘o‘za, nav, variant, ko‘chat qalinligi, ekish tizimi, chilpish, hosildorlik, hosil shoxi, hosil elementlari, quruq massa, gumus, gullash dinamikasi.
Abstract: This article examines the impact of planting systems and topping timings on indicators such as yield, growth and development, dry mass accumulation, and the formation of fruiting elements for the "Sultan" and "C-8294" cotton varieties cultivated under the soil and climatic conditions of the Khorezm region.
Keywords: Khorezm region, cotton, variety, variant, plant density, planting system, topping, productivity, fruiting branch, fruiting elements, dry mass, humus, flowering dynamics.
Аннотация: В статье рассматривается влияние схем посадки и сроков проведения чеканки на такие показатели, как урожайность, рост и развитие, накопление сухой массы и формирование плодовых органов у сортов хлопчатника «Султан» и «С-8294», возделываемых в почвенно-климатических условиях Хорезмской области.
Ключевые слова: Хорезмская область, хлопчатник, сорт, вариант, густота стояния растений, схема посева, чеканка, продуктивность, плодовая ветвь, плодовые элементы, сухая масса, гумус, динамика цветения.
Kirish. Bugungi kunda Dunyoning 90 dan ortiq mamlakatlarida yiliga 26,2 mln tonnadan ortiq paxta tolasi yetishtirilib, to‘qimachilik sanoatining asosiy hom-ashyosi sifatida ishlatilib kelinmoqda. “Dunyoda tola yetishtiruvchi yetakchi mamlakatlarga Hindiston, Xitoy, AQSh, Pokiston va O‘zbekiston davlatlari kiritilib, ushbu davlatlar dunyoda yetishtirilayotgan tolaning 79,7 foizini ishlab chiqaradi”[1]. Paxtachilik tarmog‘i rivojlangan mamlakatlarda yaratilgan har bir g‘o‘za navini mintaqalar kesimida ekish tizimi va maqbul chilpish muddati ishlab chiqilgan bo‘lib, g‘o‘za o‘simligidan yuqori va sifatli tola yetishtirishda biologik va morfologik xususiyatlarini hisobga olgan holda agrotexnik tadbirlarni o‘tkazish dolzarb masalalardan hisoblanadi.
Respublikamizning tuproq-iqlim sharoitlarida tezpishar, hosildor, tolachiqimi va sifati yuqori bo‘lgan, hududlarning ekstremal sharoitlariga bardoshli g‘o‘za navlarini yaratish va parvarishlash agrotexnologiyasini ishlab chiqish bo‘yicha olimlarimiz tomonidan ko‘plab ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda
Jumladan, V.I. Suxov [2] bergan ma’lumotlarga ko‘ra, chilpish tadbiri o‘tkazilishi, bir dona chanoqdagi paxta vazni chilpish o‘tkazilmagan variantga nisbatan 0,2 g. -0,5 g. gacha yuqori bo‘lishligini aniqlangan. Bu esa o‘z navbatida gektaridan 1,0-1,5 sentnerdan qo‘shimcha paxta hosil olish uchun imkon berishini ta’kidlab o‘tgan.
Shuningdek, O.Sh.Yuzbashyan hamda F.X.Xamraev [3] tomonidan Samarqand viloyati sharoitida olib borgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, g‘o‘zaga Piks bilan kimyoviy ishlov berilganda qo‘lda chilpish o‘tkazilganga nisbatan ko‘saklar soni 1,4 donaga oshishi, hosildorlik esa 2,4 s/ga oshganligi kuzatilgan.
N.M.Abdurahimov, S.Artiqovlarning [4] olib borgan ilmiy izlanishlariga ko‘ra, PSUeAITI Surxondaryo filialida Termiz-24 g‘o‘za navini qo‘lda chilpilganda bargdagi NPK miqdori nazoratga nisbatan 0,08: 0,04; 0,12%, hosil elementlarida esa 0,17; 0,16; 0,77% ortganligi kuzatishgan. Mexanik chilpish o‘tkazilganda bargda NPK 0,01; 0,03; 0,09% ga, hosil elementlarida esa 0,14: 0,14: 0,69% ga oshgan bo‘lsa, Piks 1,5 l/ga me'yorda qo‘llanilganda bargda NPK 0,17; P-0,14; 0,32% ga, hosil organlarida 0,17: 0,23: 0,75% ga ko‘payishi aniqlangan.
M.Avliyoqulov [5] fikriga ko‘ra O‘nqo‘rg‘on-1 g‘o‘za navida avgust oyining boshida tegishlicha 12-14, 14-15 hosil shohlari paydo bo‘lganda chilpish sifatli o‘tkazilsa, mo‘l va ertagi hamda sifatli hosil olish imkoniyati yaratiladi.
Xorazm viloyati sharoitida G‘.Satipov [6] tomonidan olib borilgan tadqiqotlarda g‘o‘zaning 175-F, Buxoro-6, S-4727, Xorazm-126, Yulduz, S-6530, Namangan-77 va Sharof-75 navlarini 0-3-1 va 1-3-1 tizimida sug‘orib parvarishlagan paykallarda, chilpish o‘tkazish natijasida bir dona ko‘sakdagi paxta og‘irligi 0,2-0,3 grammga ortganligi aniqlangan.
Tajriba qo‘yish usullari: Tajriba 13 ta variantdan iborat bo‘lib, 4 takrorlanishda bir yarusda joylashtirildi. Tajriba dalasida egat kengligi 60 sm, uzunligi 50 m. Har bir bo‘lakchalar maydoni 240 m2, hisobga olinadigan maydon 120 m2. Tajribalarning umumiy maydoni 1,3 ga.
Tajribada g‘o‘zaning “Xorazm-127” navi ishlab chiqarish sharoiti bo‘yicha 60x15-1 tizimda ekilib, o‘suv davrida 12-14 hosil shoxi shakllanganida chilpish tadbiri o‘tkaziladi. G‘o‘zaning “Sulton” va “S-8294” navlari ikki xil, 60x12-1 va 60x15-1 tizimda ekilib, 10-11; 12-14; 15-16 hosil shoxlari shakllanganida chilpish tadbirlari olib boriladi. Olingan natijalar g‘o‘zaning “Xorazm-127” naviga taqqoslanadi.
Tajriba joylashtirilib, tadqiqotlar o‘tkazilgan dalalar tuproqlarining dastlabki agrokimyoviy tahlillariga asoslanib xulosa qiladigan bo‘lsak, ushbu dalalar tuproqlari oziqa elementlari bilan kam miqdorda ta’minlangan deyish mumkin.
1-jadval
Tajriba maydoni tuprog‘ining amal davri boshidagi agrokimyoviy xususiyatlari
Tuproq qatlamlari, sm. | Gumus, % | Umumiy shakllari, % | Harakatchan shakllari, mg/kg | |||||
N | P | K | N-NO3 | P2O5 | K2O | |||
2020 | 0-30 | 0,958 | 0,089 | 0,080 | 1,520 | 7,62 | 21,25 | 165 |
30-50 | 0,812 | 0,065 | 0,060 | 1,360 | 6,35 | 15,54 | 125 | |
2021 | 0-30 | 0,912 | 0,082 | 0,087 | 1,440 | 7,51 | 21,02 | 160 |
30-50 | 0,768 | 0,058 | 0,062 | 1,200 | 6,17 | 15,80 | 132 | |
2022 | 0-30 | 0,876 | 0,093 | 0,074 | 1,370 | 8,02 | 21,95 | 171 |
30-50 | 0,707 | 0,065 | 0,055 | 1,300 | 6,63 | 18,05 | 139 | |
Tajriba natijalari: G‘o‘za navlarini 1-avgust holatiga poya balandligi, hosil shoxlari soni, hosil elementlari soni hamda ko‘saklar soni variantlar kesimida tahlil qilib chiqilganida, g‘o‘zaning “Xorazm-127” navi 60x15-1 tizimda ekilib, o‘suv davrida 12-14 hosil shox shakllanganida chilpish tadbiri o‘tkazilgan nazorat variantga nisbatan poya balandligi bo‘yicha yuqori natijalar g‘o‘zaning “Sulton” navi 60x12-1 tizimda ekilib, o‘suv davrida 12-14 va 15-16 hosil shox shakllanganida chilpish tadbiri olib borilgan variantlarda aniqlanib, 0,9 sm dan 1,6 sm gacha baland bo‘lganligi kuzatilgan.
G‘o‘za navlarida hosil shoxlarining shakllanish darajasi variantlar kesimida tahlil qilinganida esa g‘o‘zaning “Xorazm-127” navi 60x15-1 tizimda ekilib, o‘suv davrida 12-14 hosil shox shakllanganida chilpish tadbiri o‘tkazilgan nazorat variantga nisbatan g‘o‘zaning “Sulton” navi 60x12-1 tizimda ekilib, o‘suv davrida 15-16 hosil shox shakllanganida chilpish tadbiri o‘tkazilgan variantda 2,7 dona/tup, chigitlar 60x15-1 tizimda ekilib, o‘suv davrida 12-14 va 15-16 hosil shox shakllanganida chilpish tadbiri olib borilgan variantlarda 0,2 donadan 1,8 dona/tup gacha, g‘o‘zaning “S-8294” navi 60x12-1 tizimda ekilib, o‘suv davrida 15-16 hosil shox shakllanganida chilpish tadbiri olib borilgan variantda 2,3 dona/tup, chigitlar 60x15-1 tizimda ekilib, o‘suv davrida 15-16 hosil shox shakllanganida chilpish tadbiri olib borilgan variantda 2,0 dona/tup gacha yuqori bo‘lganligi qayd etilgan.
2-jadval
Ekish tizimi va chilpish muddatlarining g‘o‘za navlariningng o‘sish va rivojlanishiga ta’siri, 2021 yil.
Navlar | Ekish tizimi | Chilpish muddatlari | 1-avgust | ||||
Bosh poya balandligi, sm | Hosil shoxi, dona | Hosil elementlari, dona | Ko‘saklar soni, dona | ||||
1 | Xorazm-127 | 60x15-1 | 12-14 | 96,3 | 13,2 | 17,5 | 4,8 |
2 | 60x12-1 | 10-11 | 86,5 | 10,5 | 10,7 | 3,3 | |
3 | 12-14 | 97,2 | 12,7 | 12,6 | 5,5 | ||
4 | 15-16 | 97,9 | 15,9 | 14,7 | 6,6 | ||
5 | 60x15-1 | 10-11 | 88,2 | 10,3 | 11,6 | 4,5 | |
6 | 12-14 | 95,9 | 13,4 | 17 | 5,8 | ||
7 | 15-16 | 96,2 | 15,0 | 18,7 | 6,8 | ||
8 | S-8294 | 60x12-1 | 10-11 | 76,2 | 10,2 | 10,6 | 3,1 |
9 | 12-14 | 80,1 | 12,8 | 14,1 | 5,0 | ||
10 | 15-16 | 80,5 | 15,5 | 14,3 | 6,6 | ||
11 | 60x15-1 | 10-11 | 78,3 | 10,8 | 11,7 | 4,5 | |
12 | 12-14 | 87,7 | 12,6 | 14,6 | 5,8 | ||
13 | 15-16 | 89,4 | 15,2 | 15,2 | 7,9 | ||
G‘o‘za navlarining bir tupida hosil elementlarining shakllanishi variantlar kesimida o‘rganib chiqilganida g‘o‘zaning “Xorazm-127” navi 60x15-1 tizimda ekilib, o‘suv davrida 12-14 hosil shox shakllanganida chilpish tadbiri o‘tkazilgan nazorat variantga nisbatan yuqori natijani g‘o‘zaning “Sulton” navi 60x15-1 tizimda ekilib, o‘suv davrida 15-16 hosil shox shakllanganida chilpish tadbiri o‘tkazilgan variantda qayd etilib, 1,2 donaga ko‘p bo‘lganligi aniqlangan bo‘lsa, boshqa barcha variantlarda nazorat variantiga nisbatan 0,5 dona/tup dan 6,8 dona/tup gacha kam bo‘lganligi qayd etilgan.
G‘o‘za navlarida ko‘saklar soni tahlil qilinganida esa g‘o‘zaning “Xorazm-127” navi 60x15-1 tizimda ekilib, o‘suv davrida 12-14 hosil shox shakllanganida chilpish tadbiri o‘tkazilgan nazorat variantga nisbatan g‘o‘zaning “Sulton” navi chigitlari 60x12-1 tizimda ekilib, o‘suv davrida 12-14 va 15-16 hosil shox shakllanganida chilpish tadbiri o‘tkazilgan variantlarda 0,7-1,8 dona/tup gacha, chigitlar 60x15-1 tizimda ekilib, o‘suv davrida 12-14 va 15-16 hosil shox shakllanganida chilpish tadbiri o‘tkazilgan variantlarda 1,0-2,0 dona/tup gacha, g‘o‘zaning “S-8294” navi chigitlari 60x12-1 tizimda ekilib, o‘suv davrida 12-14 va 15-16 hosil shox shakllanganida chilpish tadbiri o‘tkazilgan variantlarda 0,2-1,8 dona/tup gacha, chigitlar 60x15-1 tizimda ekilib, o‘suv davrida 12-14 va 15-16 hosil shox shakllanganida chilpish tadbiri o‘tkazilgan variantlarda 1,0-3,1 dona/tup gacha yuqori bo‘lganligi aniqlangan.
G‘o‘za navlarini rivojlanish fazalari bo‘yicha biologik quruq massa to‘plash jadalligi variantlar kesimida tahlil qilib chiqilganida, g‘o‘zaning “Xorazm-127” navi 60x15-1 tizimda ekilib, o‘suv davrida 12-14 hosil shox shakllanganida chilpish tadbiri o‘tkazilgan nazorat 1-variantga nisbatan faqat g‘o‘zaning “Sulton” navi chigitlari 60x15-1 tizimda ekilib, o‘suv davrida 15-16 hosil shox shakllanganida chilpish tadbiri o‘tkazilgan 7-variantda yuqori natija qayd etilib, shonalash fazasida 0,19 g/tup, gullash fazasida 0,30 g/tup, pishish fazasida 6,40 g/tup ko‘p bo‘lganligi aniqlangan. Qolgan barcha variantlarda o‘simliklarning biologik quruq massa to‘plashi g‘o‘zaning “Xorazm” navi ekilgan nazorat 1-variantda “Sulton” navi ekilgan variantlarga nisbatan 2-3 chinbarg chiqarish fazasida 0,01-0,04 g/tup, shonalash fazasida 0,02-0,41 g/tup, gullash fazasida 0,40-4,70 g/tup, pishish fazasida 4,20-29,10 g/tup, “S-8294” navi ekilgan variantlarga nisbatan 2-3 chinbarg chiqarish fazasida 0,03-0,06 g/tup, shonalash fazasida 0,26-0,63 g/tup, gullash fazasida 1,30-6,10 g/tup, pishish fazasida 9,10-34,70 g/tup gacha yuqori bo‘lganligi qayd etilgan.
G‘o‘za navlarini o‘suv davrida qo‘llanilgan agrotexnik tadbirlarni paxta hosildorligiga ta’siri variantlar kesimida aniqlab chiqilganida, chigit ekish tizimi va chilpish muddatlarining ta’siri sezilarli bo‘lganligi kuzatilib, g‘o‘zaning “Xorazm-127” navi 60x15-1 tizimda ekilib, o‘suv davrida 12-14 hosil shox shakllanganida chilpish tadbiri o‘tkazilgan nazorat 1-variantga nisbatan “Sulton” navi chigitlari 60x12-1 tizimda ekilib, o‘suv davrida 12-14 hosil shox shakllanganida chilpish tadbiri o‘tkazilgan 3-variantdan 2,0 s/ga, chigitlar 60x15-1 tizimda ekilib, o‘suv davrida 12-14 va 15-16 hosil shox shakllanganida chilpish tadbiri o‘tkazilgan 6-7 variantlardan 0,4-0,8 s/ga qo‘shimcha paxta hosili olinganligi qayd etilgan.
G‘o‘zaning “S-8294” navi chigitlari 60x12-1 va 60x15-1 tizimda ekilgan barcha variantlarda g‘o‘zaning “Xorazm-127” navi chigitlari 60x15-1 tizimda ekilgan nazorat variantiga nisbatan yuqori paxta hosildorligiga erishilmadi. Aksincha, 60x12-1 tizimda ekilgan variantlardan 1,8-8,3 s/ga, 60x15-1 tizimda ekilgan variantlardan 4,5-7,8 s/ga gacha paxta hosildorligi kamayib borganligi kuzatilgan.
Xulosa:
a)Tajriba maydonining tuproq tarkibidagi gumus va azot, fosfor, kaliy miqdori yillar davomida qisqarib borganligi kuzatildi.
b)G‘o‘za navlarining biometrik ko‘rsatkichlari tahlil etilganda eng yuqori ko‘rsatkich Sulton navining 60x12-1 ekish sxemasida ekilib, 15-16 hosil shoxida chilpish o‘tkazilgan variantda kuzatilgan bo‘lib, nazorat variantdagi Xorazm-127 naviga nisbatan o‘simlik bo‘yi 0,6-1,6 sm ga, ko‘saklar soni 0,9-1,4 donaga yuqori bo‘lganligi kuzatildi.
s)O‘simlikning quruq massa to‘plashi o‘rganilganda tajribada eng yuqori ko‘rsatkich Sulton navini 60x15-1 ekish sxemasida ekilib, 15-16 hosil shoxida chilpish o‘tkazilgan variantda kuzatilib, pishish davrida jami 178 grammni tashkil etdi.
d)Tajribada eng yuqori hosildorlik Sulton navida kuzatildi, S-8294 navida esa hosildorlik ko‘rsatkichlari nazorat variantiga nisbatan barcha variantlarda past bo‘lganligi aniqlandi.
Foydalanilgan adabiyotlar va internet saytlari
1. https://www.atlasbig.com/ru/
2. Сухов В.И. Чеканка хлопчатника в Туркмении. Туркменгосиздат–1939-Ашхабад. 12 с.
3. Yuzbashyan O.Sh., Xamraev F.X. Kimyoviy chilpishning afzalliklari va g‘o‘za hosildorligiga ta'siri 2001. B. 172-173.
4. Abduraximov N.M., Artiqov S. G‘o‘za bargida va hosil elementlarida azot, fosfor, kaliyning taqsimlanishiga chilpish usullarining ta'siri//Navlarni yangilash, joylashtirish va parvarish texnologiyasi. Respublika ilmiy amaliy konferensiyasi maqolalar to‘plami. – Toshkent: O‘zbekiston, 2001-T. – B. 14-15.
5. Avliyoqulov M. Tipik bo‘z tuproqlar sharoitida O‘nqo‘rg‘on-1 g‘o‘za navi parvarishi. “Qishloq xo‘jaligi ekinlari seleksiyasi va urug‘chiligi sohasining hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari” Respublika ilmiy-amaliy anjumani ilmiy materiallari (2015 yil, 15-16 dekabr) 2-qism. 305-307 b.
6. Satipov G‘. Chilpish muddatlari// O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi jurnali, 2000; №2– 29 b.