UO‘K.634.574

O‘ZBEKISTONDA SELEKSIYA QILINGAN XANDON PISTANING “BARAKA” NAVI

Xujayev Otabek Temirovich iD

Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (GREEN UNIVERSITY), O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti, O‘rmonlarni himoya qilish laboratoriyasi mudiri, q.x.f.n., katta ilmiy xodim.

e-mail: otabekxujayev88@gmail.com

Xudaynazarova Nargiza Xudoyarovna iD

Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (GREEN UNIVERSITY), O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti, Pistachilik ilmiy-tajriba stansiyasi katta ilmiy xodimi, q.x.f.f.d. (PhD).

e-mail: n.xudaynazarova25@gmail.com

Eshankulov Bobomurod Inoyatovich

Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (GREEN UNIVERSITY), O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti, Seleksiya, urug‘chilik va ko‘chatchilik laboratoriyasi mudiri, q.x.f.d., professor.

e-mail: bobomurodovich@mail.ru

Annotatsiya. Eron, AQSH va Turkiya yirik hajmda xandon pista yong‘oqmevasini yetishtiradi. Bu pista yong‘oqmevalari asosan navlar asosida yetishtirilgan bo‘lib, mahalliy va xorijiy pista navlariga asoslanadi. O‘zbekistonda oxirgi yillarda xandon pista maydonlari sezilarli darajada kengaytirilmoqda. Bu pistazorlar ham navlar asosida barpo etish rejalashtirilgan. Xandon pistaning “Baraka” navi O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti olimlarining ko‘p yillik ilmiy izlanishlari natijasidir.

Kalit so‘zlar: o‘rmon, pista, plantatsiya, yong‘oqmeva, narx, nav, institut, seleksiya, muallif, payvand, hosil.

Аннотация. Иран, США и Турция являются крупными производителями фисташек. Эти орехоплодные культуры выращиваются преимущественно на сортовой основе с использованием местных и зарубежных сортов фисташки. В последние годы в Узбекистане площади фисташковых насаждений значительно расширяются. Данные плантации также планируется закладывать на сортовой основе. Сорт фисташки настоящей «Барака» является результатом многолетних научных исследований ученых Научно-исследовательского института лесного хозяйства.

Ключевые слова: лес, фисташка, плантация, орехоплодные, цена, сорт, институт, селекция, автор, прививка, урожай.

Abstract. Iran, the USA, and Turkey are major producers of pistachios. These nut crops are cultivation-based mainly on varieties, relying on both local and foreign pistachio cultivars. In recent years, the areas of pistachio plantations in Uzbekistan have been significantly expanding. These plantations are also planned to be established on a variety-specific basis. The "Baraka" pistachio variety is the result of many years of scientific research by scientists of the Research Institute of Forestry.

Keywords: forest, pistachio, plantation, nut-bearing, price, variety, institute, breeding (selection), author, grafting, yield.

Kirish. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasida o‘rmon xo‘jaligi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida» 2020 yil 6-oktabrdagi PQ-4850-son qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek, o‘rmonlar hududlarini kengaytirish, ulardan samarali foydalanish va cho‘llanishga qarshi kurashish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 30.06.2026-yildagi 344-son qaror qabul qildi. Bu qarorga ko‘ra, Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi tasarrufida bo‘lgan 5000 gektar maydon Samarqand viloyati Nurobod tumanida joylashgan Saroyqo‘rg‘on davlat o‘rmon xo‘jaligi balansiga o‘tkazish va pista plantatsiyalari barpo etish belgilangan [1; 2].

Xandon pista o‘zining o‘rmon-meliorativ ahamiyati bilan birga qimmatbaho yong‘oqmevaga ega ekanligi sir emas. Hozirgi kunda dunyo bozorida Eron, AQSH va Turkiya davlatlari yong‘oqmeva yetishtirish bo‘yicha yetakchilik qilmoqda. Dunyo bozorida pista yong‘oqmevasiga bo‘lgan talabning yuqoriligi va narxining qimmatligi sababli juda ko‘plab davlatlar xandon pista plantatsiyalarini barpo etishga harakat qilmoqda. Dunyo bozorida Eronning Akbari, Ahmadi, Bodomi, Fandugi kabi bir qancha navlari o‘z brend nomlariga ega bo‘lib, xaridorgir hisoblanadi. O‘zbekiston xandon pistaning vatani bo‘lsa-da, o‘zining mahalliy navlariga ega emas edi. Shu sababli oxirgi yillarda olib borilgan juda ko‘plab ilmiy-tadqiqotlar natijalarini yakunlash va xandon pistaning navlarini chiqarish vaqti kelgan edi. O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti olimlari tomonidan xandon pistaning 13 ta navi seleksiya qilinib, mamlakatimizda ko‘paytirila boshlandi. Shunday bo‘lsa-da, barpo etilayotgan xandon pista plantatsiyalarining maydoni kattaligi va aholining qiziqishining yuqoriligi navlar sonini yanada ko‘paytirishni taqozo etmoqda. Bundan tashqari, bizning mamlakatimizdagi xandon pistaning boy genetik resursi yanada o‘zining xo‘jalik ahamiyati bilan jozibali bo‘lgan navlarni seleksiya qilish imkonini beradi [3; 4; 6; 9; 10; 11].

Yangi yaratilgan xandon pistaning “Baraka” navi xuddi shunday xususiyatlarga ega ekanligini ko‘rishimiz mumkin. Bu navning mualliflik huquqi O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti professori B.I. Eshankulov, institutning Pistachilik ilmiy-tajriba stansiyasi katta ilmiy xodimi, q.x.f.f.d. N.X. Xudaynazarova va shu institut laboratoriya mudiri, q.x.f.n. O.T. Xujayevga tegishli bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligining tegishli hujjatlari asosida rasmiylashtirilgan [9; 10; 11; 12].

Tadqiqot uslubi. Pista daraxtlarining taksatsion ko‘rsatkichlari M.M. Qalandarov (2022) uslubi [5], yong‘oqmevasining shakli va hosildorligini baholash G.M. Chernova, G. Olexnovich (1998) [8] uslubiga asosan bajarilgan.

Tadqiqot natijalari. Xandon pistaning “Baraka” navi urug‘chi daraxt bo‘lib, tez o‘suvchi va tik, keng hamda o‘rtacha qalinlikda shox-shabbaga ega. Daraxtning o‘rtacha bo‘yi - 4,5 m, tana diametri - 25 sm, shox-shabbasining diametri - 7 m gacha yetadi. Daraxt vegetatsiya davrida tanasi to‘liq barglari bilan qoplanadi. Barglari to‘q yashil rangda, ellipsimon, uchki qismi tekis, kichik uchga ega. Barg chiqarishi juda erta muddatga to‘g‘ri kelsa-da, sovuq urish holatlari kuzatilmaydi. Gullari piramidal-tuxumsimon shaklda bo‘lib, jigar rangda bo‘ladi, juda erta muddatda gullaydi. Meva eti cho‘zinchoq, uzun, kichik o‘tkir uchga ega. Yetilganda eti danagidan ajralmaydi, avval och yashil rangda bo‘lib, pishib yetilganda sarg‘ish rangga o‘tadi.

a

b

1-rasm. Xandon pistaning “Baraka” navi urug‘chi guli va yong‘og‘i a – urug‘chi guli b – yong‘og‘i

Mevaning yetilishi juda erta hisoblanadi va iqlim sharoitidan kelib chiqib iyul oyining ikkinchi–uchinchi o‘n kunligiga to‘g‘ri keladi. Bu esa o‘z navbatida bahorgi yog‘inlardan juda unumli foydalanilganligini bildiradi. 100 dona urug‘ og‘irligi 108,0 g ni tashkil etadi, hajmi 19,0×11,0×12,0 mm, tuxumsimon shaklda bo‘lib, uchi o‘tkir tumshuqchaga ega. Danakning ochiqlik darajasi o‘rtacha bo‘lib, iqlim sharoitlariga qarab 100% gacha ko‘tariladi. Ochiqlilik danakning ikki tomonidan asosigacha boradi. Po‘chog‘ining rangi bir xil, to‘q qaymoq rangda bo‘ladi. Mag‘zi arg‘uvon-pista rangida bo‘lib, danak umumiy vaznining 49,0% ini tashkil qiladi.

Payvand qilingandan so‘ng 4-5-yili hosilga kiradi. Hosil berishi barqaror bo‘lib, iqlim sharoitidan (yillik yog‘in miqdori asosiy ahamiyatga ega) kelib chiqib har yili hosil beradi. 8×8 m sxemada ekilganda 1 ga da hosildorlik 16-18 s dan yuqorini tashkil qiladi.

Zamburug‘li kasalliklar va meva zararlanishiga, qurg‘oqchilik hamda yozda haroratning o‘ta keskin ko‘tarilib ketishiga chidamli hisoblanadi.

Namlik bilan kam va o‘rtacha ta’minlangan lalmi yoki qo‘shimcha sug‘orish imkoniyatiga ega yerlarda ekish tavsiya qilinadi.

Xulosa. Xandon pista plantatsiyalarini navlar asosida barpo etish yaqin kelajakda yuqori va sifatli hosil olish garovidir. Mahalliy sharoitlarda o‘sishga va yuqori hosil berishga moslashgan xandon pistaning “Baraka” navi O‘zbekistonda seleksiya qilingan bo‘lib, ushbu navning plantatsiyalarini barpo etish juda muhimdir. Bu navning payvandust beruvchi onalik plantatsiyalarini barpo etish ham kelajakda katta maydonlarda ko‘paytirish imkoniyatini oshiradi.

Foydalanilgan adabiyotlar

  1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti. “O‘zbekiston Respublikasida o‘rmon xo‘jaligi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida” 2020 yil 6-oktabrdagi PQ-4850-son qarori.
  2. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi. 30.06.2026-yildagi 344-son qarori.
  3. Ablaev S.M. Fistashka. – Moskva: Agropromizdat, 1987. – 77 s.
  4. Giyazov S.N. Fistashka nastoyashchaya // Orexoplodnye v Uzbekistane. – Tashkent: Mehnat, 1990. – S. 73–114.
  5. Qalandarov M.M. Daraxtzorlarda ilmiy tadqiqot ishlarida taksatsiyaga oid o‘lchashlar va hisoblash usullari // O‘zbekiston agrar fani xabarnomasi jurnali. – Toshkent, 2022. – № 4. – 138–146 b.
  6. Speranskiy V.G. Razvitie plodovodstva i osvoenie dikorastushchix plodovix Tadjikistana. – M.–L.: AN SSSR, 1936. – 138 s.
  7. Trosko I.K. Formovoy sostav Sredneaziatskoy fistashki // Sov. subtropiki, 1938. – № 12. – S. 28–31.
  8. Chernova G.M., Olexnovich G.S. Metodika kompleksnoy otsenki sortov i perspektivnix form fistashki po xozyaystvenno-biologicheskim priznakam // Bioekologiya orexoplodovix lesov i geodinamika v Yujnom Kirgizstane. YuONAN Kyrg. Resp. – Jalal-Abad, 1998. – S. 53–61.
  9. Shamsiev K.Sh. va boshq. Nekotorye voprosy povysheniya produktivnosti nasajdeniy orexoplodnyx porod // Trudy SredazNIILX. – Tashkent, 1976. – S. 183–190.
  10. Eshankulov B.I., Xudaynazarova N.X. O‘zbekistonda xandon pistaning (Pistacia vera L.) xorijiy navlarini o‘sib rivojlanishini baholash va yetishtirish texnologiyasi. Toshkent, 2025. – 58–59 b.
  11. Eshankulov B.I., Xudaynazarova N.X., Lapteva R.A. Iranskiye sorta fistashki nastoyashchey // Trudy po introduksii i akklimatizatsii rasteniy. – 2021. – S. 297–299.
  12. O‘simlik naviga patent NAP 652.