QISHLOQ XOʻJALIGI YER MAYDONLARI TUPROQ MA’LUMOTLARINI RAQAMLASHTIRISHNING YER RESURSLARINI BOSHQARISHDAGI ROLI
Dexqonov Jamoliddin Begijonovich iD
boʻlim boshligʻi
e-mail: dehqonov1987jamol@gmail.com
Ruziyev Abror Meylikulovich iD
boʻlim boshligʻi
e-mail: abror001848@gmail.com
Nortosheva Munisa Elbek qizi iD
muassasa mutaxassisi
e-mail: munisa.nortosheva@gmail.com
Annotatsiya: Maqolada qishloq xoʻjaligi yer maydonlari tuproq maʼlumotlarini raqamlashtirishning yer resurslarini samarali boshqarishdagi ahamiyati ilmiy jihatdan tahlil qilingan. Tadqiqotda tuproqning agrokimyoviy, fizik va morfologik xususiyatlarini zamonaviy geoinformatsion tizimlar (GIS), masofadan zondlash texnologiyalari, raqamli tuproq xaritalash usullari asosida yigʻish, saqlash, tahlil qilish va yangilash imkoniyatlari yoritilgan. Raqamlashtirilgan tuproq maʼlumotlari yer resurslarini monitoring qilish, yerlarning unumdorlik holatini baholash, degradatsiya jarayonlarini aniqlash, ekinlarni hududiy joylashtirishni optimallashtirish va ilmiy asoslangan boshqaruv qarorlarini qabul qilishda muhim axborot manbai sifatida xizmat qilishi asoslab berilgan. Shuningdek, raqamli maʼlumotlar bazalaridan foydalanish yer kadastri tizimini takomillashtirish, yer resurslaridan oqilona foydalanish, ekologik barqarorlikni taʼminlash hamda qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishining iqtisodiy samaradorligini oshirishga xizmat qilishi taʼkidlangan. Tadqiqot natijalari raqamli transformatsiya sharoitida yer resurslarini boshqarish tizimini rivojlantirish va tuproq maʼlumotlarining ishonchliligini oshirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqish uchun ilmiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Kalit soʻzlar: qishloq xoʻjaligi yerlari, tuproq maʼlumotlari, raqamlashtirish, yer resurslari, GIS, masofadan zondlash, raqamli tuproq xaritalari, yer kadastri, monitoring, unumdorlik, degradatsiya, barqaror yer boshqaruvi.
Аннотация: В статье научно анализируется значение оцифровки почвенных данных сельскохозяйственных угодий для эффективного управления земельными ресурсами. Исследование освещает возможности сбора, хранения, анализа и обновления агрохимических, физических и морфологических свойств почвы на основе современных геоинформационных систем (ГИС), технологий дистанционного зондирования и методов цифрового почвенного картирования. Обосновывается, что оцифрованные почвенные данные служат важным источником информации для мониторинга земельных ресурсов, оценки состояния плодородия земель, выявления процессов деградации, оптимизации территориального размещения сельскохозяйственных культур и принятия научно обоснованных управленческих решений. Также подчеркивается, что использование цифровых баз данных способствует совершенствованию системы земельного кадастра, рациональному использованию земельных ресурсов, обеспечению экологической устойчивости и повышению экономической эффективности сельскохозяйственного производства. Результаты исследования служат научной основой для разработки практических рекомендаций по развитию системы управления земельными ресурсами и повышению достоверности почвенных данных в контексте цифровой трансформации.
Ключевые слова: сельскохозяйственные земли, данные о почве, цифровизация, земельные ресурсы, ГИС, дистанционное зондирование, цифровые почвенные карты, земельный кадастр, мониторинг, продуктивность, деградация, устойчивое управление земельными ресурсами.
Annotation: This article provides a scientific analysis of the importance of digitalizing agricultural soil data for effective land management. The study highlights the potential for collecting, storing, analyzing, and updating agrochemical, physical, and morphological soil properties using modern geographic information systems (GIS), remote sensing technologies, and digital soil mapping methods. It is argued that digitalized soil data serves as an important source of information for monitoring land resources, assessing soil fertility, identifying degradation processes, optimizing the spatial distribution of agricultural crops, and making scientifically sound management decisions. It is also emphasized that the use of digital databases contributes to the improvement of the land registry system, the rational use of land resources, environmental sustainability, and increased economic efficiency in agricultural production. The study's results provide a scientific basis for developing practical recommendations for developing land management systems and increasing the reliability of soil data in the context of digital transformation.
Key words: agricultural land, soil data, digitalization, land resources, GIS, remote sensing, digital soil maps, land cadastre, monitoring, productivity, degradation, sustainable land management.
Kirish
Bugungi kunda dunyo miqyosida qishloq xoʻjaligi yer resurslaridan oqilona foydalanish, ularning unumdorligini saqlash va degradatsiya jarayonlarining oldini olish oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashning asosiy omillaridan biri hisoblanadi. Aholi sonining ortishi, iqlim oʻzgarishi, suv resurslari tanqisligi hamda antropogen bosimning kuchayishi natijasida yer resurslarini boshqarishda anʼanaviy usullar o‘rnini zamonaviy raqamli texnologiyalar egallamoqda. Shu sababli tuproq toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tezkor yigʻish, ularni yagona axborot bazasida saqlash, muntazam yangilab borish va ilmiy asosda tahlil qilish dolzarb ilmiy-amaliy vazifalardan biri hisoblanadi [1].
Qishloq xoʻjaligi yerlarining sifati va unumdorligi ko‘p jihatdan tuproqning fizik, kimyoviy va biologik xususiyatlariga bogʻliq. Mazkur ko‘rsatkichlar ekinlarni joylashtirish, agrotexnik tadbirlarni rejalashtirish, o‘g‘itlash meʼyorlarini belgilash, sugʻorish tizimlarini takomillashtirish hamda meliorativ holatni baholashda muhim axborot manbai bo‘lib xizmat qiladi. Biroq, ko‘plab hududlarda tuproq maʼlumotlari qogʻoz shaklidagi xaritalar, eskirgan maʼlumotlar bazalari yoki tarqoq axborot tizimlarida saqlanayotgani ularni tezkor tahlil qilish va boshqaruv qarorlarini qabul qilish imkoniyatlarini cheklaydi [3].
Soʻnggi yillarda geoinformatsion tizimlar (GIS), masofadan zondlash (Remote Sensing), raqamli tuproq xaritalari (Digital Soil Mapping) hamda sunʼiy intellekt va mashinaviy oʻqitish texnologiyalarining rivojlanishi tuproq maʼlumotlarini raqamlashtirish jarayonini yangi bosqichga olib chiqdi. Ushbu texnologiyalar katta hajmdagi fazoviy va atributiv maʼlumotlarni integratsiyalash, tuproq xossalarini yuqori aniqlikda modellashtirish, yer resurslari holatini muntazam monitoring qilish hamda degradatsiya xavfi mavjud hududlarni aniqlash imkonini bermoqda. Natijada yer resurslarini boshqarishda ilmiy asoslangan, tezkor va ishonchli qarorlar qabul qilish samaradorligi ortmoqda [2].
Raqamlashtirilgan tuproq maʼlumotlari nafaqat yer kadastri va yer monitoringi tizimlarini takomillashtirish, balki aniq dehqonchilik (Precision Agriculture), agroekologik rayonlashtirish, hosildorlikni prognozlash, suv va ozuqa moddalari balansini boshqarish hamda yer resurslaridan barqaror foydalanish strategiyalarini ishlab chiqishda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Xalqaro tajribalar shuni ko‘rsatadiki, tuproq maʼlumotlarini zamonaviy raqamli platformalar asosida boshqarish qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishining iqtisodiy samaradorligini oshirish bilan birga ekologik barqarorlikni taʼminlashga ham xizmat qiladi [2].
Oʻzbekistonda ham yer resurslarini boshqarishni takomillashtirish, davlat yer kadastrini raqamlashtirish, geofazoviy maʼlumotlar infratuzilmasini rivojlantirish hamda qishloq xoʻjaligida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilangan. Shu nuqtai nazardan, “Tuproq tahlil markazi” davlat muassasasi tomonidan qishloq xoʻjaligi yer maydonlari tuproq raqamli ma’lumotlari bazasini yaratish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda va buning natijasi oʻlaroq, tuproq ma’lumotlarini raqamlashtirish va ularni yangi tahlil natijalari bilan boyitish orqali milliy tuproq axborot tizimini takomillashtirish uchun mustahkam asos yaratilmoqda [3].
Qishloq xoʻjaligi yer maydonlari tuproq maʼlumotlarini raqamlashtirishning nazariy va amaliy asoslarini tahlil qilish, zamonaviy geoinformatsion texnologiyalar yordamida yer resurslarini boshqarish samaradorligini oshirishdagi rolini baholash hamda ushbu yoʻnalishni takomillashtirish, yer maydonlarining degradatsiyasi jarayonlarini monitoring qilish hamda ilmiy asoslangan boshqaruv qarorlarini qabul qilish imkonini beradi.
Adabiyotlar sharhi.
Tuproq maʼlumotlarini raqamlashtirish va geografik axborot tizimlarini yer resurslarini boshqarishga tatbiq etish masalalari xorijiy va mahalliy olimlarning bir qator ilmiy ishlarida oʻrganilgan. Xususan, FAO (Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti) tomonidan ishlab chiqilgan Global Soil Information System (GLOSIS) va Jahon tuproq maʼlumotlar bazasi (Harmonized World Soil Database) loyihalari milliy tuproq maʼlumotlarini xalqaro standartlarga moslashtirish boʻyicha uslubiy asos sifatida keng eʼtirof etilgan [1].
Yevropa Ittifoqining INSPIRE direktivasi doirasida amalga oshirilgan tadqiqotlarda fazoviy maʼlumotlarni uygʻunlashtirish (harmonization) va ularga ochiq kirish imkoniyatini taʼminlashning huquqiy-institutsional mexanizmlari ishlab chiqilgan. Bu tajriba tuproq arxivlarini raqamlashtirishda maʼlumotlar strukturasini standartlashtirish zarurligini koʻrsatadi [2].
Mahalliy tadqiqotchilar tomonidan olib borilgan ishlarda esa asosan yer kadastri tizimini yuritishning huquqiy-meʻyoriy jihatlari hamda GAT texnologiyalarini qishloq xoʻjaligi yer maydonlarini monitoring qilishga tatbiq etish masalalari yoritilgan. Biroq arxiv fondlarida saqlanayotgan tarixiy tuproq tadqiqot hujjatlarini bosqichma-bosqich raqamlashtirish metodologiyasi, xususan, ularning tadqiqot obyekti va uslublarini ilmiy jihatdan tizimlashtirish masalasi hanuzgacha yetarlicha chuqur oʻrganilmagan boʻlib, bu mazkur tadqiqotning dolzarbligini belgilaydi [3].
Tadqiqot obyekti va uslublari.
Tadqiqot obyekti sifatida Respublikamizning barcha hududlarida koʻp yillar davomida “Tuproq tahlil markazi” davlat muassasasi tuproqshunos mutaxassislari tomonidan tuproq sifatini baholash, agrokimyoviy xaritogrammalar tuzish va shoʻrlangan tuproqlarni xaritaga tushirish boʻyicha oʻtkazilgan dala tadqiqot ishlari hamda tekshirishlar natijasida shakllantirilgan, hozirgi kunda “Tuproq tahlil markazi” davlat muassasasi tuproqshunoslik arxivida saqlanayotgan qogʻoz koʻrinishidagi hujjatlar toʻplami va hisobot koʻrinishidagi boshqa maʻlumotlar olindi.
Tadqiqot obyektining tarkibiy tuzilishi quyidagi toʻrt asosiy guruhni oʻz ichiga oladi. Kartografik hujjatlar - turli miqyosdagi (1:10000, 1:25000 va boshqalar) qogʻoz tuproq xaritalari, tuproq-erroziya xaritalari hamda bonitet xaritalari.
Tavsiflovchi-atributiv hujjatlar - tuproq kesmalari (razrezlar) taʼrifnomalari, dala kuzatuv daftarlari, tuproq namunalarining laboratoriya tahlil natijalari (gumus miqdori, mexanik tarkibi, tuz rejimi va boshqa fizik-kimyoviy koʻrsatkichlar).
Kadastr-hisobot hujjatlari - xoʻjaliklar kesimidagi tuproq bonitirovkasi varaqalari, yer maydonlarining tuproq unumdorligi balli boʻyicha jamlanma jadvallari.
Arxiv metaʼlumotlari - hujjatlarning yaratilgan yili, tekshiruv oʻtkazgan tashkilot va hudud (viloyat, tuman, xoʻjalik) kesimidagi tartiblanish tizimi.
Qogʻoz hujjatlarni raqamlashtirish jarayoni bir necha bosqichli va turli uslublarni talab qiladi. Shu sababli quyidagi usullar bosqichma-bosqich qoʻllanildi.
Arxiv-kontent tahlili usuli
Bu bosqichda mavjud qogʻoz hujjatlar inventarizatsiya qilindi, hujjatlar turi, formati, holati (buzilish darajasi), hajmi va tarkibiy tuzilishi boʻyicha tasniflandi. Bu usul hujjatlarning qanday raqamlashtirish texnologiyasiga mos kelishini (masalan, faqat skanerlashmi yoki qoʻshimcha ravishda maʼlumotlarni qoʻlda kiritish kerakmi) aniqlash imkonini beradi.
Skanerlash va tasvirga olish usuli
Kartografik hujjatlar (tuproq xaritalari) yuqori aniqlikdagi skanerlar yordamida raster formatga (JPEG) oʻtkazildi. Bu bosqichda geometrik toʻgʻrilash (georeferencing) usuli qoʻllanildi. Yaʼni skanerlangan qogʻoz xarita maʼlum koordinatalar tizimiga (WGS-84) bogʻlandi, aks holda xarita fazoviy jihatdan notoʻgʻri joylashadi.
Vektorlashtirish (vectorization) usuli
Georeferens qilingan raster tuproq xaritalari asosida tuproq konturlari (poligonlar) qoʻlda yoki yarim avtomatik (semi-automated) tarzda vektor formatga oʻtkazildi. Bu bosqichda GAT (GIS) dasturiy vositalari (ArcGIS) qoʻllanildi.
Maʼlumotlar bazasini shakllantirish (atributiv digitallashtirish) usuli
Har bir vektor poligonga (tuproq konturiga) tegishli atributiv maʼlumotlar (tuproq turi, mexanik tarkibi, gumus miqdori, bonitet balli va h.k.) qogʻoz hujjatlardan qoʻlda kiritish (manual data entry) yoki OCR (optik belgi tanish) texnologiyasi yordamida bogʻlandi.
Maʼlumotlar sifatini nazorat qilish (data quality control) usuli
Raqamlashtirilgan maʼlumotlar asl qogʻoz hujjatlar bilan tasodifiy tanlov (random sampling) asosida qayta solishtirildi, masalan, umumiy hujjatlarning
5-10% qismi tanlab olinib, aniqlik darajasi statistik jihatdan baholanadi (xatolik foizi hisoblanadi). Bu usul raqamlashtirilgan bazaning ishonchliligini ilmiy asoslash uchun zarur.
Qiyosiy tahlil usuli
Raqamlashtirishdan oldingi va keyingi holatlar (masalan, maʼlumotga kirish tezligi, xatoliklar soni, hujjatlarni qidirish vaqti) oʻzaro solishtirildi.
Statistik tahlil usuli
Raqamlashtirilgan maʼlumotlar hajmi ortishi bilan (masalan, yillar kesimida) tavsiflovchi statistika (oʻrtacha qiymat, standart chetlanish) yordamida tuproq koʻrsatkichlarining hududiy taqsimoti tahlil qilindi.
Yuqorida keltirilgan usullarning izchil va oʻzaro bogʻliq holda qoʻllanilishi quyidagi jadvalda umumlashtirilgan (1-jadval).
№ | Bosqich / usul | Bosqichning mazmuni va natijasi |
|---|---|---|
1 | Arxiv-kontent tahlili | Hujjatlarni turi, formati va holati boʻyicha inventarizatsiya qilish |
2 | Skanerlash va georeferensiyalash | Xaritalarni raster formatga oʻtkazish va koordinatalar tizimiga bogʻlash |
3 | Vektorlashtirish | Tuproq konturlarini vektor poligonlarga aylantirish |
4 | Atributiv baza shakllantirish | Har bir poligonga tuproq koʻrsatkichlarini biriktirish |
5 | Sifat nazorati | Tasodifiy tanlov asosida aniqlikni statistik baholash |
6 | Qiyosiy va statistik tahlil | Raqamlashtirish samaradorligini va maʼlumotlar taqsimotini baholash |
1-jadval. Tuproq maʼlumotlarini raqamlashtirish bosqichlari va ularning mazmuni
Tadqiqot natijalari va ularning muhokamasi.
Respublikamizning barcha hududlarida o‘tgan o‘nlab yillar davomida “Tuproq tahlil markazi” davlat muassasasi tuproqshunos mutaxassislari tomonidan amalga oshirilgan dala tadqiqotlar natijalari xaritalar, pasportlar, laboratoriya jurnallari va hisobotlar ko‘rinishida saqlangan. Biroq ushbu ma’lumotlarning katta qismi qog‘oz shaklida bo‘lganligi sababli ulardan tezkor foydalanish imkoniyati cheklangan. Tarixiy ma’lumotlarni raqamlashtirish quyidagi imkoniyatlarni yaratadi. Tuproq ma’lumotlarini yagona elektron bazaga jamlash, eski va yangi ma’lumotlarni taqqoslash, tuproq xossalarining vaqt davomida qanday o‘zgarganligini baholash, tuproq unumdorligining pasayishi yoki yaxshilanish tendensiyalarini aniqlash hamda ilmiy tadqiqotlar uchun ishonchli ma’lumotlar bazasini shakllantirish.
Shu bilan birga, tarixiy ma’lumotlar asosida tuproqning tabiiy holati va antropogen ta’sir natijasida yuzaga kelgan o‘zgarishlarni baholash imkoni paydo bo‘ladi. Bugungi kunda tuproq namunalari zamonaviy laboratoriyalarda tahlil qilinib, ularning fizik, kimyoviy va biologik ko‘rsatkichlari aniqlanmoqda. Olingan natijalar maxsus axborot tizimlariga kiritilib, GIS texnologiyalari orqali raqamli xaritalar yaratilmoqda. Bu jarayon orqali tuproqning haqiqiy holati hamda sho‘rlanish va eroziya darajasi baholanadi, tuproqning gumus, azot, fosfor, kaliy va boshqa elementlar miqdori aniqlanadi, tuproq salomatligi monitoring qilinadi, shuningdek, raqamli tuproq ma’lumotlar bazasi muntazam yangilanib boriladi. Raqamli ma’lumotlar qaror qabul qilish jarayonini tezlashtiradi va ma’lumotlardan foydalanish samaradorligini oshiradi.
Tarixiy va zamonaviy ma’lumotlarni integratsiya qilishning afzalliklari shundaki, tarixiy va hozirgi ma’lumotlarni birlashtirish tuproq resurslarini kompleks baholash imkonini beradi. Bu orqali tuproq unumdorligining ko‘p yillik dinamikasi aniqlanadi, degradatsiya jarayonlari erta bosqichda aniqlanadi, sho‘rlanish va eroziyaning tarqalish tendensiyasi baholanadi, iqlim o‘zgarishining tuproqqa ta’siri o‘rganiladi hamda yerdan foydalanish samaradorligi tahlil qilinadi.
Bunday ma’lumotlar davlat idoralari, ilmiy muassasalar va fermerlar uchun muhim qarorlar qabul qilishda asos bo‘lib xizmat qiladi.
Tuproq ma’lumotlarining raqamlashtirilishi yer egalari uchun qator amaliy afzalliklarni ta’minlaydi. Jumladan, har bir yer maydonining tuproq holati bo‘yicha aniq ma’lumotga ega bo‘ladi, ekin turini to‘g‘ri tanlash imkoniyati oshadi, o‘g‘itlarning ilmiy asoslangan meyorlarda qo‘llanilishiga erishiladi, ortiqcha xarajatlar kamayadi, hosildorlik va mahsulot sifati ortadi, suv va yer resurslaridan samarali foydalanishi ta’minlanadi hamda yer maydonlarining unumdorligi uzoq yillar davomida saqlab qolinadi.
Natijada fermer xo‘jaliklari yuqori iqtisodiy samaradorlikka erishadi. Raqamli tuproq ma’lumotlari nafaqat fermerlar, balki davlat boshqaruvi uchun ham muhim ahamiyatga ega. Ular asosida milliy tuproq axborot tizimi shakllantiriladi, tuproq salomatligi indeksi baholanadi, yer degradatsiyasi monitoring qilinadi, ozuqa moddalari balansi hisoblanadi, raqamli tuproq, eroziya va tuproq salomatligi xaritalari yaratiladi hamda davlat dasturlari uchun ilmiy asoslangan ma’lumotlar tayyorlanadi. Bu esa qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va tabiiy resurslarni barqaror boshqarishga muhim omil sifatida xizmat qiladi.
Xulosa.
Tadqiqot shuni koʻrsatadiki, Respublikamizning barcha hududlarida o‘tgan o‘nlab yillar davomida “Tuproq tahlil markazi” davlat muassasasi tuproqshunos mutaxassislari tomonidan amalga oshirilgan dala tadqiqotlar natijalari xaritalar, pasportlar, laboratoriya jurnallari va hisobotlar ko‘rinishida saqlangan ma’lumotlarni raqamlashtirish jarayoni yer resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirishning muhim ilmiy-amaliy vazifasi hisoblanadi. Tadqiqot obyekti sifatida aniq belgilangan hujjatlar toʻplami (kartografik, atributiv, kadastr-hisobot va arxiv metaʼlumotlari) hamda ularni raqamlashtirishning izchil uslubiy bosqichlari (arxiv-kontent tahlili, skanerlash, georeferensiyalash, vektorlashtirish, atributiv baza shakllantirish, sifat nazorati, qiyosiy-statistik tahlil) ushbu jarayonning ilmiy asoslangan va takrorlanuvchan boʻlishini taʼminlaydi.
Tarixiy va hozirgi tuproq ma’lumotlarini raqamlashtirish yer resurslarini samarali boshqarish, tuproq salomatligini baholash va qishloq xo‘jaligida ilmiy asoslangan qarorlar qabul qilishning muhim omili hisoblanadi. Ushbu jarayon tuproq unumdorligini saqlash, yer degradatsiyasining oldini olish, o‘g‘itlardan samarali foydalanish va hosildorlikni oshirishga xizmat qiladi.
“Tuproq tahlil markazi” davlat muassasasi tomonidan tuproq namunalarini tahlil qilish, ma’lumotlarni raqamlashtirish va milliy tuproq axborot tizimini shakllantirish ishlari mamlakatimizda raqamli qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning muhim bosqichlaridan biri hisoblanadi. Kelgusida ushbu ma’lumotlarni geoaxborot texnologiyalari, masofadan zondlash va sun’iy intellekt asosida takomillashtirish orqali tuproq resurslaridan barqaror foydalanish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga yanada katta hissa qo‘shiladi.
Xulosa oʻrnida olib boriladigan tadqiqotlarda raqamlashtirilgan tuproq maʼlumotlar bazasi asosida yer resurslarini boshqarish samaradorligini miqdoriy baholovchi ekonometrik modellarni ishlab chiqish, shuningdek, sun’iy yoʻldosh tasvirlari bilan integratsiyalashgan monitoring tizimini yaratish istiqbolli yoʻnalish sifatida belgilanadi.
Foydalanilgan adabiyotlar.
1. FAO. Global Soil Information System (GLOSIS) va Harmonized World Soil Database boʻyicha texnik hujjatlar.
2. Yevropa Ittifoqi INSPIRE direktivasi (2007/2/EC) - fazoviy maʼlumotlarni uygʻunlashtirish boʻyicha meʼyoriy hujjat.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksi va yer kadastrini yuritish toʻgʻrisidagi meʼyoriy-huquqiy hujjatlar.
4. Guest G., Bunce A., Johnson L. How many interviews are enough. An experiment with data saturation and variability // Field Methods, 2006.
5. Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti arxiv fondi materiallari.
6. Davlat yer kadastrini yuritish uchun tuproq tadqiqotlarini bajarish va tuproq xaritalarini tuzish bo’yicha yo’riqnoma (mualliflar jamoasi), Yerdan foydalanish, yer tuzish va yer kadastri bo’yicha me’yoriy hujjatlar. Toshkent., 2009-yil, 52 bet.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo’mitasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan tasdiqlangan “Sug’oriladigan yerlarda tuproq agrokimyoviy tadqiqot ishlarini bajarish va agrokimyoviy kartogrammalar tuzish hamda mineral oʻgʻitlarga boʻlgan ilmiy talabni ishlab chiqish boʻyicha uslubiy koʻrsatmalar”. Toshkent., 2019-yil.
8. Oʻzbekiston Respublikasi tuproq qoplamlari atlasi – Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo’mitasi. Toshkent., 2010-yil.
9. Oʻzbekiston sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holati va ularni yaxshilash, Toshkent., 2018-y.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi – Shoʻrlangan yerlarni xaritalashtirish, hisobga olish va shoʻr yuvish meʻyorlarini aniqlash boʻyicha uslubiy koʻrsatmalar Toshkent., 2014-yil.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Yer Fondi – Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi Davlat kadastrlari palatasi. Toshkent., 2025-yil.